Mana 2025-yil ham kirib keldi. Umr oqar suv, deb bejizga aytishmagan ekan. Ko‘z ochib yumguncha yillar yillarga ulanib ketmoqda. Yil yakunida har bir insonda bu yil nimalarga ulgurdim-u, nimalarga yo‘q, kabi savollar bo‘lishi tabiiy.
O‘zini shunday so‘roqlar bilan sarhisob qilayotgan insonlardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Jizzax viloyati musiqali drama teatri turuppa mudiri Abduraim Lapasov.
Abduraim Lapasovni suhbatga tortish asnosida nafaqat shaxsiy hayoti, balki teatr hayoti uchun ham 2024-yil qanday o‘tganligi bilan qiziqdik.
– O‘tgan yil teatrimiz uchun omadli yil bo‘ldi. Samarqand, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston va Qirg‘iziston respublikalariga Turob To‘la qalamiga mansub “Nodirabegim”, S.Hamrayev qalamiga mansub “Bahodir” spektakllari bilan gastrol safariga bordik. Ikkala spektakl ham teatrimizning iqtidorli rejissyori Shohrux Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan. Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan Muqimiy teatrida “Hayrat ul-Abror” spektaklini namoyish etdik. Tomoshabinlarga chiqishlarimiz manzur bo‘ldi, ijodiy kechalar, davra suhbatlari tashkil etildi. Yil shunday ko‘tarinki kayfiyatda safarlar bilan boshlandi.
— Teatrda 2024-yil davomida sahna-lashtirilgan spek-takllarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
— O‘tgan yili juda katta asarlar sahnalashtirildi. Ularning barchasi muvaffaqiyatli chiqdi, deb faxr bilan ayta olaman. A.P.Chexovning “Monolog” dramasi bosh rejissyorimiz Shohrux Yo‘ldoshev tomonidan mahorat bilan sahnalashtirildi. Spektaklda har bir detal, aktyorlarning xatti-harakatlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Turk dramaturgi Tunjar Jo‘jano‘g‘li qalamiga mansub “Ko‘chki” asari turkiyalik rejissyor Kubilay Erdelikara bilan hamkorlikda sahnalashtirildi. Asar voqealari Turkiyaning tog‘li qishloqlaridan birida sodir bo‘lsada, unda O‘zbek jamiyati uchun ham ibrat bo‘la oladigan jihatlar talaygina. Sahna asarida stereotiplarga ko‘r-ko‘rona ergashish, inson hayotidan urf-odatlarni ustun qo‘yish qanday oqibatlar olib kelishi ochib berilgan.
Teatrimizning umidli rejissyorlaridan biri Umid Nurmatov tomonidan G.Gorinning “Nomi o‘chsin” asari asosida “Gerostrat” spektakli sahnalashtirildi. Bu asarda ilgari surilgan g‘oya ham o‘lmas. Har bir zamon, davr uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Spektaklda shuhrat qozonish ilinjida hech narsadan tap tortmaydigan, bu yo‘lda insonlarga, jamiyatga zarar yetkazishdan ham qaytmaydiganlar va adolat, qonun himoyachilari o‘rtasidagi kurash aks etgan.
— “Ko‘chki” asaridagi bobo va “Gerostrat”dagi sudxo‘r Kresep bir-biridan keskin farq qiladi. Biri haqiqat, inson ulug‘ligi uchun, ikkinchisi pul uchun hamma narsaga tayyor. Har ikkala obrazni ham maromiga yetkazib ijro etgansiz. Siz uchun ikki xil xarakterga ega shaxslarni gavdalantirish qiyin kechmadimi?
— Mahorat maktabini o‘tagan aktyor sahnada qiynalmaydi. Tajribali, o‘ziga ishongan aktyorga turli xarakterga ega obrazlarni ochib berishga qiynaldim deyish to‘g‘ri kelmaydi. 2023-yilda “Hayrat ul- Abror” spektaklida bir-biriga o‘xshamagan ikki obrazni gavdalantirgandim. Biri miskin, yana biri o‘tinchi chol. Bir spektaklning o‘zida bir-birini takrorlamagan holda ijro etish uchun iqtidor bilan birga yillar davomidagi tajriba ham muhim.
“Ko‘chki” asaridagi bobo va “Gerostrat”dagi sudxo‘r Kresepga keladigan bo‘lsak, ular haqiqatda ham ikki xil dunyo. Ularni o‘ynashda qiynaldim demayman, chunki men rolda o‘ynamayman, yashayman. O‘zimga berilgan obrazning xarakterini topishga intilaman. Sahnada rolimni partnyorlarimdan, holatdan kelib chiqib ijro etaman. Spektakl boshlanmasdan obrazimda yashay boshlayman va o‘z chiqishlarimda shu yashashni davom ettiraman. Obrazda yashashni davom ettirish bilan, sahnaga chiqqan vaqtda yashashni boshlash butunlay boshqa-boshqa narsalar.
— Jizzax viloyati musiqali drama teatri 103 yillik tarixi davomida ilk bor Yevropa davlatlariga ijodiy safar uyushtirdi. Ushbu gastrolning diqqatga sazovor jihatlari nimada?
— Teatrimiz qo‘shni respublikalarga tez-tez ijodiy safarlar uyushtirib turadi. Qozog‘iston, Qirg‘izistonda teatrimiz ixlosmandlari talaygina. Aynan 2024-yilda, yuqorida aytganingizdek, ilk bor Yevropa davlatida ijodiy safar bilan bo‘ldik. Ushbu gastrolning e`tirof etadigan jihati shundaki, teatrimiz ikkita xalqaro festivalda — Maltepe shahrida o‘tkazilgan “VI–xalqaro Maltepe teatr festivali” hamda Anqarada bo‘lib o‘tgan “XVI–Ethos Anqara xalqaro teatrlar festivali”da ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro festivallarda “Ko‘chki” spektakli bilan qatnashdik. Borganimizda festivalda ishtirok etuvchi 40 ta mamlakatdan biri sifatida muomala qilishdi. Spektaklimizni ko‘rishganidan keyin tashkilotchilar, aktyorlar munosabati butunlay o‘zgardi. Yanada yaxshiroq, alohida e’tibor bilan munosabat ko‘rsatishdi. Shundan bildimki, turk tomoshabinlarida va ijodkorlarida Jizzax teatri jamoasiga bo‘lgan taassurot yaxshi bo‘ldi. «Sizni keksa nuroniy deb o‘ylagan edik, shijoatingizdan navqiron ekansiz. Qahramoningizni juda yaxshi ijro ettingiz», deb qadrdonlardek quchoqlab tabriklashdi. Qadrdonlardek xayrlashdik.
Safarimiz davomida Anqara opera teatriga borib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Teatrimiz ularnikiga qaraganda ancha mukammal.
— Teatr siz uchun nima?
— Teatr mening uyim. Teatrdan boshqa yashaydigan uyim yo‘q. To‘g‘ri, oilam, qarindosh-urug‘larim, uy-joyim bor. Ammo men haqiqiy hayotimni, umrimni shu dargohda yashayapman deb his etaman. Doim xalqning orasidaman.
— Serqirra ijodkor ekanligingizdan xabarimiz bor. She’rlar ham yozib turasiz. Ijtimoiy tarmoqlarda, madaniy tadbir va uchrashuvlarda ancha faolsiz. 2024-yil ijodingizda qanday yangiliklar bo‘ldi?
— Ijod qilganim sari yana va yana shijoatim, ilhomim jo‘sh urib yozgim keladi. O‘tgan yilning o‘zida Zulfiya va Hamid Olimjon nomidagi ijod maktabi, «Nurli maskan» ixtisoslash-tirilgan maktab-internati, viloyat va bolalar kutubxonasida hamda harbiylar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdik. Shuningdek, Toshkent shahrining Chilonzor, Yunusobod tumanlari madaniyat markazlarining taklifiga binoan o‘sha tumanlardagi maktablarda ham o‘quvchilar bilan ijodiy kechalarda ishtirok etdim. Har bir uchrashuv, ijodiy kechalarda qatnashchilarga o‘z kitoblarimdan sovg‘a qilaman. 2024-yilda “Nur bo‘lib yasha” nomli she’riy kitobim nashrdan chiqdi. “Men o‘shaman” nomli she’riy to‘plamim nashrdan chiqish arafasida. Kelgusi yilda nashrga berishni niyat qilgan to‘plamimni ham tayyorlashga ulgurdim, shukr!
— Shijoatingizga, ijodingizga ko‘z tegmasin. Umringizga, vaqtingizga baraka bersin! Joriy yil siz uchun ham, teatr jamoasi uchun ham omadli, barakali yil bo‘lsin. Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!
Charos Yoqubova, suhbatlashdi