ELDA DOIM TINCHLIK BO'LSIN

Mana, 2025-yil ham kirib keldi. O‘tgan yil ko‘p yaxshi xotiralar, ezgu ishlar bilan umr daftarimizda o‘z izini qoldirdi.

2024-yilda Toshkentda Alisher Navoiyning “Hayrat-ul Abror” spektaklini namoyish etdik. Unda ona obrazini gavdalantirdim. Shundan so‘ng gastrol safarlarimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatiga ulanib ketdi. Qayga bormaylik teatrimizni ochiq chehra bilan kutib olishdi, yorug‘ yuz bilan qaytdik. Muxlislar olqishi, mehriga sazovor bo‘ldik.

Qaysi spektaklda qay obrazni berishmasin, bosh rolmi, epizodmi unga o‘z bolamga mehr bergandek mehr beraman. Yurak qo‘rim bilan ijro etaman. Shundanmi muxlislar ham mehr bilan qabul qilishadi. Nuroniylarga “Hayrat-ul Abror” spektaklini namoyish etganimizdan so‘ng saksonni qoralagan bir onaxon menga alohida rahmat aytib ketdilar. Biroz vaqtdan so‘ng bir tugun ko‘tarib keldilar. Ichida paranji, shunga o‘xshash narsalar bor ekan. «Rollaringizda foydalaning siz uchun olib keldim», dedilar. Yana bir qancha vaqtdan so‘ng «Hajga bordim, siz uchun atayin oldim» deb ko‘ylak olib keldilar. Xalqning mehri bundan ortiq bo‘lmasa kerak.

Hammasi uchun, sinovlari, siylovlari uchun rahmat! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Yangi 2025-yil qut-baraka, omad olib kelsin.

Tilagim, dunyoda urush bo‘lmasin,

Xalqimning tinchligi abadiy bo‘lsin!

Rizqu ro‘z, nasiba, ezgu 

tilaklar

Bola kulgusiga olamlar 

to‘lsin!

Ilohim hamma yurtda, hamma mamlakatlarda tinchlik bo‘lsin, urush bo‘lmasin, sog‘liq-xotirjamlik bo‘lsin!

 

Raisa Abdullayeva,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist,

viloyat musiqali drama teatri aktrisasi


Авторизация