Ijodiy anjumanda teatr va kino sohasida faol ijod qilib kelayotgan dramaturg, rejissyor va rassomlar ishtirok etishdi. Seminar davomida ijodkorlar tanlangan mavzular doirasida sahna asari hamda kino mahsuloti ustida o‘zaro ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib oldi.
Tadbirda dramaturg, rejissyor va rassom hamkorligida yaratilgan 5 ta pyesa va 5 ta kinossenariy belgilangan tartibda moddiy rag‘batlantirildi. Shuningdek, jamoalarning ijodiy ishlari ekspertlar guruhi tomonidan 3 kun davomida kuzatildi.
Yosh ijodkorlarning "Nigoh" ijodiy seminari doirasida ikki yo‘nalish bo‘yicha - teatr va kino san`ati sho‘balariga bo‘lingan holda yangi film va spektakllar taqdimoti o‘tkazildi.
Teatr san`ati yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etgan sakkizta asar orasidan Jizzax viloyati musiqali drama teatri sahnalashtiruvchi rejissori Umid Nurmatov hamda dramaturg Abbos Xurramovning pedagoglar faoliyatiga bag‘ishlangan "Hechdan ko‘ra kech" satirik komediyasi ham Badiiy kengash tomonidan eng sara asarlar safiga kiritildi.
- Mazkur seminarda "Eng yaxshi loyiha" nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdik, - deydi Umid Nurmatov. - Seminar shunday tashkil qilinganki, ijod qilish uchun barcha sharoit bor. Biz bir-birimizni tanimasdik. Lekin tez til topishib ketdik. Boshqa jamoalarning loyihalari bilan tanishdik. O‘zimiz uchun ko‘p narsa o‘rgandik.
Ma`lumot o‘rnida shuni aytish joizki, aynan shu asar davlat buyurtmasi asosida Jizzax viloyati musiqali drama teatrida sahnalashtirilishi rejalashtirilgan.
Charos Mannonova,
Jizzax viloyati
musiqali drama teatri
adabiy bo‘lim mudiri