OAV VAKILLARI NURAFSHONDA JAM BO'LDI

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida “OAVda milliy kontent yaratish mas’uliyati” mavzuidagi respublika mediaforumi bo‘lib o‘tdi. 

“Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida tashkil etilgan mazkur anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan  yuz nafarga yaqin jurnalist va blogerlar, media soha uchun kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Forumning dastlabki kuni “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev, “Yangi O‘zbekiston” hamda “Pravda Vostoka” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharrir o‘rinbosari Abubakr O‘rozov milliy kontent yaratish mas’uliyati masalalarida ma’ruzalar qilishdi.

Anjuman davomida Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev bilan tashkil etilgan muloqotda milliy kontent yaratishning nechog‘lik ahamiyatga ega ekanligi, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, viloyatda faoliyat olib borayotgan nashrlarni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ekanligi haqida so‘z bordi.

Har qanday sanoat korxonasi taraqqiyotini o‘z kasbining ustasi, har tomonlama yetuk, zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan muhandis texnik xodimlar belgilab beradi. Forum ishtirokchilari mana shunday professional xodimlar tayyorlanadigan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan muhandislik maktabi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Muhandislik maktabi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu maktabni loyihalash ishlari Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasida amalga oshirilgan. Maktab tinglovchilari bu yerda nafaqat nazariy, balki amaliy mashg‘ulotlarni o‘tishlariga barcha sharoitlar yaratildi. Buning uchun maktabga 5 ta o‘q o‘zakli frezerlik uskunasi, 2 ta raqamli dasturiy boshqaruvli tokarlik dastgohi, 1 ta frezer uskunasi, metallarni kesuvchi lazer uskunasi, duradgorlik ish stol(verstak)lari ham olib kelinib, montaj qilindi. Muhandislik maktabida birinchi bosqichda geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan kombinat ishchi xodimlari o‘qitiladi. Ikkinchi bosqichda esa ushbu maktabda kombinat va O‘zbekistonning boshqa sanoat korxonalari uchun muhandis texnik xodimlarni tayyorlash rejalashtirilgan.

Dual ta’limga mo‘ljallangan Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi, “Aurubis” AG va “GP Gunter Papenburg” AG kompaniyalarining kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim metodologiyalari asosida kombinat mutaxassislari, xorijiy hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, informatika va ingliz tili fanlari darslari chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitilishi rejalashtirilgan. 

Hozirda Muhandislik maktabining 5 ta yo‘nalishi ishga tushirildi. Dars jarayonlari Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasining professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn va oflayn formatda tashkillashtirilmoqda. Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasining elektron platformasidan akademiyaning barcha elektron kitoblari va elektron ma’ruzalari bilan birga foydalanishga kelishildi. 

Ma’lumot uchun aytish lozimki, OKMKda 2024-yilning 3-yanvar holatiga 2 311 nafar oliy ma’lumotli ishchi-xodimlar mavjud. 

Yakunda ishtirokchilar mavzu bo‘yicha olgan ma`lumotlarini kelgusi faoliyatda qo‘llash bo‘yicha ham ko‘nikmaga ega bo‘lishdi.

(O‘z muxbirimiz)


Авторизация