BАHOINGIZ QАNChА?
Shoir Аbdulla Oripov suhbatlardan birida poraxoʼrlik illatini tirnoqqa oʼxshatgan edi, yaʼni u oʼsib chiqaveradi, faqat muntazam qirqib turish kerak. Darhaqiqat, korruptsiyani batamom yenggan mamlakat yoʼq, ammo uni jilovlaganlar bor – bu davlatlar tajribasi esa bizga asqotishi shubhasiz.
Yaqinda bir dugonam farzandli boʼldi. Koʼrsangiz, quvonchimizning cheki yoʼq. Shifoxonadagi doya ayoldan tortib, onaga qarovchi hamshiralarning ham barchasi «suyunchidan» umidvor, kishining qoʼliga qaraydi. Yana, «menga pul tegmadi», deb arazlab qolganlari ham topildi. Bugun yorugʼ dunyoga kelgan mittigina goʼdakning kichik boshi ham korrupsiyaga urilmayaptimi?!
Biz korruptsiya deganda, beli sinmay olingan moʼmaygina daromadni tushunishga oʼrganib qolganmiz. Аslida uning boshqa turli koʼrinishlari ham mavjud emasmi?! Korruptsiya deydigan boʼlsak, yon atrofimizda u toʼlib-toshib yotibdi. Har safar boshligʼimiz poytaxtga borganida, yuqoridagi boshliqlarimiz yoniga bir dunyo sovgʼa-salomlar bilan ketadi. Mansabi bor tanishlarimizga salom-alikni juda maromiga yetkazib qoʼyishimiz ham bor gap. Garchi bizga zarracha foydasi tegmasa ham unga uyimizning toʼridan joy beramiz, toʼy-marakaning eng avvalida ularni chaqiramiz.
Kishi esini taniy boshlashi bilan oʼz shaxsiy manfaatlarini hamma narsadan ustun bilib ulgʼayadi. Negaki atrofimizdagi odamlarning oʼzi bizga shuni bolalikdan singdiradi. Oʼzim guvohi boʼlganman, baʼzi oilalarda farzandining qaysi kasb egasi boʼlishini ham bozor iqtisodiyotidan kelib chiqib, ota-onaning oʼzlari belgilab beradi.
Murgʼak bola holidan mana shunday manfaatli qarorlar iskanjasida qolgan odamdan kelgusida nimaniyam kutish mumkin axir?! Biz korruptsiyaga qarshi «vaktsina»ni, eng avvalo oiladan boshlashimiz kerak. Farzandimizga uning oʼzi eng katta boylik ekanligini, harakati va bilimi orqaligina davlatga ega boʼla olishini uqtirishimiz kerak.
Bizga singib ketgan bir odat borki, u bizning eng katta dushmanimizdir. Oʼqishda, ishda, koʼcha-koʼyda oʼz manfaatlarimiz uchun ishimizni oson yoʼl bilan bitirishga, pora berishga yoki tanish-bilishlarni ishga solishga harakat qilamiz. Haqiqat uchun kurashishga hech birimizda toqat yoʼq. Xohlaymizmi-yoʼqmi, barchamiz ishimizni bitirishning oson usulini koʼzlaymiz. Oʼzimizni ayaymiz, hamma qilayotgangan ishni takrorlaymiz. Аytingchi, bu ketishda biz qay manzilga yetamiz?!
Ogʼriqli savollar juda koʼp, ammo joʼyali javob topilmaydi. Аmmo, bir haqiqat borki, biz parvarish qilayotgan farzand, faqat bizniki emas – u jamiyatniki! U ertangi kelajakning egasi. Shunday ekan uning tarbiyasi juda ahamiyatli! Endi oʼylab koʼring, sizning oʼzingizga beradigan bahoingiz qancha?!
Sarvinoz MАMАNOVА,
«Isteʼdod» gazetasining bosh muharriri.