"DOLZARB 10 KUNLIK" QANDAY O'TDI?

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan 2024-yil 25-dekabrdan joriy yilning 5-yanvariga qadar o‘tkazilgan "Dolzarb 10 kunlik" tozalik tadbirlari davomida qattiq maishiy va plastik chiqindilarning ko‘plab to‘planishining oldi olindi. 

Tozalik tadbirlarida mahallalardagi noqonuniy chiqindixonalar, ko‘cha yoqalari, ariq, zovur va lotoklarda to‘plangan chiqindilar tozalanib, hududiy chiqindi poligonlariga olib borib joylashtirildi. Tadbirga 140 ta texnika vositasi jalb etilib, hududlardan  12 500 tonna chiqindi olib chiqib ketildi. 

Darhaqiqat, avvalo CHTSH tartibli bo‘lmas ekan, aholining chiqindi tashlash borasida intizomini talab qilish noo‘rin. Shu tufayli Jizzax shahrida chiqindi muammosi dolzarbligi sabab 33 ta mahallaga 40 dona qo‘shimcha konteyner o‘rnatilib, sig‘im kengaytirildi. Tunda ham chiqindi tashlashga qulaylik yaratish uchun CHTSHlariga yoritgich o‘rnatildi. "Kimyogar", "Sangzor", "Zargarlik", "Ittifoq", "Yoshlik", "Madaniyat" mahallalaridagi CHTSHlarning sanitar holati yaxshilandi, ta'mirlanib, atrofi betonlashtirildi.

Jarayonda aholi tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlanishi bo‘yicha holatlar aniqlanib, huquqiy baho berildi. Davlat inspektorlari tomonidan chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlab ketilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

 

(O‘z muxbirimiz)


Авторизация