JIZZAXDA YER OSTI YO'L QURILISHI BOSHLANDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-9-aprel kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshirig‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisining 2024-yil 7-avgustdagi №86-sonli bayoniga asosan viloyatimizda uchta yer osti yo‘li qurilishi belgilangan edi. 

Jizzax shahar «Markaziy dehqon bozori» va uning atrofidagi Alisher Navoiy, Hamid Olimjon mahallasining O‘zbekiston ko‘chalari kesishmasida, "Yoshlar shaharchasi"dan "Navro‘z" istirohat bog‘iga o‘tuvchi Islom Karimov shoh ko‘chasida hamda Olmazor mahallasiga Mustaqillik ko‘chasi orqali o‘tuvchi hududlarda yer osti yo‘llarini qurish ishlari boshlab yuborildi. Shu munosabat bilan Jizzax shahar hokimining 2025-yil 7-yanvarda "Jizzax shahrida yer osti piyodalar yo‘laklarini qurilishi davrida transport vositalarining harakatlanishini vaqtinchalik cheklash to‘g‘risida"gi 4-3-55-F/25-raqamli farmoyishi qabul qilinib, shu asosda harakatlanish ma`lum yo‘nalishlarda cheklandi.

Jizzax shahar «Markaziy dehqon bozori» oldida tutashgan chorrahada shu kunlarda ish qizg‘in. Inshootning umumiy qiymati 13 milliard 344 million so‘mni tashkil etib, bu yerda to‘rtta yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi bunyod etiladi. Birinchi tunnelning umumiy uzunligi 73,68, ikkinchisi 69, uchinchisi 59,44 va to‘rtinchisi 50 metrni, yer osti yo‘lining eni 5,4, balandligi 2,4 metrni tashkil etadi. 

Barcha inshootlarda dastlab yer osti yo‘lining ustki qismidagi yumushlar joriy yilning Navro‘z bayrami arafasiga qadar yakunlansa, may oyiga kelib tunnellar to‘liq foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

 

"Jizzax ovozi"


Авторизация