Har bir tashkilot, ayniqsa bu ijodiy jamoa bo‘lsa, yakunlangan yilni sarhisob qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar qayta-qayta o‘rganilib, yangi yilda bularni takrorlamaslik, yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini belgilaydi, yangi rejalar tuzib oladi.
Jizzax vohasining otaxon gazetasi bo‘lgan “Jizzax ovozi”ning bugungi ijodiy jamoasi zimmasiga yangi yilni 93-bor nishonlash nasib etadi. Salkam 100 yil davomida bu ziyo maskanida Jizzax jurnalistikasining ne-ne buyuk darg‘alari, ustoz jurnalistlar ijod qilmadi, deysiz.
Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Nazir Safarovdek ulug‘ adiblarning ilk ijod namunalari aynan “Jizzax ovozi” gazetasi sahifalarida o‘zlarining o‘quvchilari qo‘li va qalbiga, ong shuuriga yetib bordi.
Toji Odilov, Ibrohim Donish, Akram Inomovdek nafaqat Jizzax, balki o‘zbek jurnalistikasida o‘zlarining yorqin ijod izlarini qoldirgan ustozlar rahbarlik qilgan kezlari gazetaning obro‘ va nufuzi yanada ortdi.
Ana shu oliy maqom ustozlarning yo‘lini tutgan yosh iqtidor sohiblari bugun “Jizzax ovozi” gazetasining salkam bir asr davomida o‘quvchilari oldidagi to‘plagan obro‘ va hurmatini o‘tkir tig‘li qalamlari bilan ijodkorlarga xos tarzda munosib himoya qilib kelayotganlarini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
Ayni paytda gazetaga rahbarlik qilayotgan, yosh va iqtidorli jurnalist Said Donishev, ulkan tajriba egasi, o‘tkir qalam sohibi Rahmatulla Yunusov, yuqori malakali ijodkor, ham yozuvchi, ham jurnalist Abdurahmon Karimov kabi ijodkorlar yoshlar bilan birgalikda “Jizzax ovozi” nufuzini, o‘quvchilari oldidagi hurmat-e’tiborini yanada oshirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jizzax vohasining otaxon gazetasi orqali kaminaga Yangi yil dil izhorlarini bitish nasib etganidan foydalanib, “Jizzax ovozi” gazetasining doimiy muxlislarini, barcha jizzaxliklarni kirib kelgan yangi 2025-yil bilan chin dildan qutlayman!
Mazkur gazeta faoliyatiga ulkan zafarlar tilayman. Tahririyat ijodkorlari esa ijod qilishdan aslo tolmasin!
2024-yil el-yurtimiz uchun qut-barakali va omadli keldi. Eng muhimi, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surdi, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikda hayot kechirdik.
Doimo qadri baland qadrdon hamkasblar, muhtaram hamshaharlar! Sizlarni Yangi 2025 – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman! Hamisha sog‘-salomat bo‘ling!
Abdujalol Qayumov,
O‘zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a’zosi