HAM OLIM, HAM HAKAM

Аytish joizki, oliy o‘quv yurtlarida ilm bilan shug‘ullanish yo‘lini tutgan, yuragida o‘ti bor, shijoatli yoshlarimiz juda ko‘p. Аmmo ularning orasida shunday yosh olimlar borki, ular har bir o‘tgan kun, soat qadrini oltinga qiyoslab, shiddat bilan mehnat qilishadi.

Qayumov Shohruh Аbdujalol o‘g‘li 1991- yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida, ziyoli oilasida tug‘ildi. 2014-yilda Jizzax davlat pedagogika instituti (hozirgi Jizzax davlat pedagogika universiteti) Jismoniy madaniyat fakultetini, 2016-yilda esa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining magistratura bosqichini tamomladi. 

Shohruh Qayumov ish jarayonida vaqtini behuda o‘tkazmasdan o‘z ustida tinmay ishlab, ilm bilan shug‘ullandi va 2023- yilda Guliston davlat pedagogika universitetining tayanch doktorantura bosqichiga qabul qilindi.

Yosh olim o‘sha yilning iyul oyida Jizzax davlat pedagogika universiteti huzuridagi Ilmiy Kengashda “Bo‘lajak jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining kasbiy kompetentligini innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirish” mavzuidagi Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun yozgan ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. U shu kungacha Jizzax davlat pedagogika universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti, Sport turlarini o‘qitish metodikasi kafedrasida Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dots.v/b. lavozimida ishlab kelmoqda. Yosh olim tomonidan 2 ta o‘quv uslubiy qo‘llanma, 2 ta monografiya, 20 dan ortiq ilmiy maqolalar va 30 dan ziyod xalqaro-respublika anjumanlarida tezislari chop etilgan.

Sh.Qayumov 2023- yilda ingliz tili bo‘yicha xalqaro til bilish sertifikatini qo‘lga kiritdi. 2024-yil 4-yanvarda esa Jizzax davlat pedagogika universiteti Doktoranturasiga (professor) o‘qishga qabul qilindi.

Hozirgi kunda pedagogika fanlar doktori ilmiy darajasini olish uchun ustozi, pedagogika fanlar doktori, professor Shavkat Sharipov bilan birgalikda “Innovatsion tizimlar asosida talabalarda sport va salomatlik immunitetini rivojlantirishning pedagogik strategiyalari” mavzuidagi ilmiy ish ustida tadqiqot olib bormoqda. Tadqiqot natijasida Buyuk Britaniyadagi Portsmut va Ispaniyadagi Barselona universitetlari bilan Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘rtasida memorandum imzolangan. Shohruh Qayumov mazkur universitetlarda 2024-2026-yillar davomida tadqiqot va malaka oshirish ishlarini olib boradi.

Yosh olimning ilmiy yutuqlarga erishishida Baxtiyor Rahimov, Shavkat Sharipov, Hamidulla Meliyev, Furqat Аhmedov, Аsqar Tolibjonov va boshqa ustozlar alohida o‘rin tutadi.

Shohruh Qayumov ayni paytda sportning futbol turi bo‘yicha respublika toifasidagi O‘zbekistonning “elita hakamlari”dan biri bo‘lib, Jizzax viloyatidan yagona bosh hakam hisoblanadi.

2021-2023-yillar davomida Jizzax viloyati futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazib kelingan “Jizzax viloyati hokimi kubogi” musobaqasining eng yaxshi hakami bo‘lib, o‘zining bu boradagi iqtidorini ham yaqqol namoyish etdi. Shuningdek, O‘zbekiston super ligasidagi juda ko‘p futbol musobaqalarida hakamlik qildi. 

Xulosa qilib aytganda, 33 yoshida ham olim, ham futbol hakami sifatida nom chiqargan Shohruh Qayumovning kelajakda amalga oshirishni rejalashtirgan ishlari, orzulari ko‘p, ammo maqsadi bitta – shu ulug‘ va muqaddas Ona Vatanga xizmat qilish!

Аbdurahmon Karimov,


Авторизация