Ikki millat, lekin bir xalq, deb ataluvchi o‘zbeklar va tojiklar asrlar osha og‘a-ini bo‘lib yashab kelmoqda. Xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy, adabiy aloqalar ham qadimiy tarixga ega. Bugungi kunda ham madaniy-ma’rifiy munosabatlar har qachongidan rivojlanib bormoqda.
Yoshim saksonni qoraladi. Jannatmonand yurtimizda o‘zbeklar va boshqa millat vakillari bilan bir oila a’zolaridek inoqlikda yashab kelyapman. Bu ham mamlakatimizdagi to‘g‘ri siyosat, ezgu ishlar samarasidir.
Millatlararo do‘stlik O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlikda ham muhim rol o‘ynayapti. Masalan, o‘tgan yilning aprel oyida "Kitobsevar millat" shiori ostida viloyat axborot-kutubxona markazi va viloyat tojik milliy madaniy markazi hamkorligida Yangiobod tumanining Chakand hamda Forish tumanining Uxum qishloqlaridagi o‘qish tojik tilida olib boriladigan maktablarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Ularda o‘zbekistonlik ijodkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari qatorida Tojikistondan taklif etilgan ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari ham qatnashdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda turli millatlarning ahil yashayotgani, albatta, ona Vatanimiz tinchligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Ha, bizning yer osti va yer usti boyliklarimiz ko‘p, lekin eng qadrlisi, eng asosiysi, albatta, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikdir. Zero, turli millat va elat, din vakillari o‘zaro hurmatda, totuv yashasagina yurtda osudalik, taraqqiyot barqaror bo‘lishini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Yangi 2025-yil kirib kelishi munosabati bilan men o‘zim va Markazimiz jamoasi nomidan qariyb bir asrdan beri xalq ovozini eshitayotgan va islohotlarni amalga oshirishda kamarbasta bo‘lgan sevimli gazetamiz “Jizzax ovozi” tahririyati jamoasini, shuningdek, gazeta sahifalari orqali nashr mushtariylarini chin qalbimdan muborakbod etaman. “Oltin qalam” sohiblariga ijodiy barkamollik, oilalariga tinchlik va farovonlik tilayman.
Abdukarim Sharipov,
viloyat tojik milliy-madaniy markazi raisi,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi