BIZ BIR BO`LSAK - YAGONA XALQMIZ, BIRLASHSAK VATANMIZ!

jizzax ovozi 2, [09.08.2024 16:21]

BIZ BIR BO`LSAK - YAGONA XALQMIZ,  BIRLASHSAK VATANMIZ!          Jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston mustaqil taraqqiyot yo‘liga o‘tganiga 33 yil bo‘ldi. Istiqlol  tufayli xalqimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik, dunyoviy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyati yaratildi.

1991-yilda Davlat mustaqilligining e’lon qilinishi xalqning qaddini rostladi. Vatanga bo‘lgan qadr-qimmat va mehr-muhabbat ortdi, Sobiq Ittifoq davri mafkurasi asosida yo‘q qilingan milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimiz va bayramlarimiz yana xalqqa qaytarildi. Ko‘hna tariximiz, boy moddiy va nomoddiy merosimiz, milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi.

Vatanimiz tarixi, istiqlol haqida gap ketar ekan, buyuk ma’rifatparvar jadidchilarimizni alohida e’tirof etish joizdir. Jadidlar yurtni obod va Vatanni mustaqil ko‘rishni orzu qilishdi, shu yo‘lda fidoyilarcha kurashishdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga  mehr va sadoqat  g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz, Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriylarning o‘rni nihoyatda katta. Shuning uchun ham bugun ularning hayot yo‘li va faoliyati yanada chuqur o‘rganilib, yosh avlodga yetkazilmoqda. Yil boshidan boshlab esa, yurtboshimiz tashabbuslari bilan yangi “Jadid” gazetasi chop etila boshladi.

Mustaqillik yillarida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi ta’minlandi. Jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

2023-yilda bosh Qomusimiz – Konstitutsiyamizga o‘zgartirish kiritilib, uning birinchi moddasida O‘zbekistonning 5 ta asosiy tamoyili:  suveren, huquqiy, demokratik, dunyoviy hamda ijtimoiy davlat ekanligi belgilandi. Bu esa, inson qadri, inson omili har narsadan muhim ekanligini ko‘rsatdi. Ya’ni ijtimoiy davlatda ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishi, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi. “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning asosiy tamoyili ham “INSON-JAMIYAT-DAVLAT” etib belgilandi.

Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida yurtboshimiz tomonidan qaror imzolandi. Mazkur qarorga asosan, bu yil istiqlol shodiyonalari “Biz bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” ulug‘vor g‘oyasi ostida o‘tkazilishi belgilandi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik va o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish, viloyat hududida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “Biz bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Ma’naviyat festivali”ni o‘tkazish bo‘yicha hukumat rahbari tomonidan bir qator vazifalar belgilab berildi.

 “Ma’naviyat festivali” doirasida viloyatimizning barcha tumanlarida, ayniqsa eng chekka, chegaraoldi hududlarda, dastlabki bosqichda 36 ta mahallada, keyingi bosqichda 48 ta mahalla, qishloq va ovullarda “Ma’rifatli oila”, “Inson qadri”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Milliy birdamlik“, “Kinokarvon”, “Eng ma’naviyatli mahalla”, “Ziyolilar  forumi”, “Mutolaa marafoni”, “Ajdodlarga ehtirom”, “Uch avlod uchrashuvlari” kabi tadbirlar hamda mahallalarda kunning kechki paytlarida “Vatan madhi” nomli gala konsertlar uyushtirilmoqda.

Bunday tadbirlar, aholi o‘rtasida yurtni sevish, tinch va osoyishta, to‘kin hayotimizdan rozi bo‘lish va shukronalik keltirish, o‘zaro mehr-oqibat, saxovatli bo‘lish, ayol va oilaga ehtirom, xalqimiz, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida faol fuqarolik pozitsiyasini yuksaltirish, olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik kabi tuyg‘ularini mustahkamlash, milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. 

Birdamlikda gap katta. “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori, aqlini tanigan 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha aholi qatlamlarini ushbu ulug‘vor g‘oya ostida birlashtirishiga, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessansni yurtboshimiz ta’kidlaganidek, mard va olijanob xalqimiz bilan birga qurishimizga ishonamiz.

I.Umarova,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Jizzax viloyati bo‘limi rahbari


Авторизация