Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi bilan 2024-yilning ilk kunida “Jadid” gazetasi chop etildi. Ushbu nashr Vatan va xalq manfaatlari yo‘lida jon fido qilgan millat oydinlari – jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini keng targ‘ib etishda o‘ziga xos tafakkur maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Jadid ma’rifatparvar bobolarimiz millatni uyg‘otish, uni taraqqiyot sari undash uchun ham ishni eng avvalo gazeta ta’sis etishdan boshlagan. “Tarjimon”, “Oyina”, “Taraqqiy”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Najot”, “Hurriyat”, “Al-isloh” kabi bosma nashrlar orqali milliy istiqlol, hurriyat, ma’rifat kabi hayotbaxsh g‘oyalarni xalq ichiga olib kirishga intildilar.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan jadid ma’rifatparvar bobolarimizning Vatan taraqqiyoti, millat ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yanada keng tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Jadid” gazetasining ilk sonini tayyorlash jarayoni qizg‘in kechdi. Nashrda O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli ijodkor Iqbol Mirzoning “Muharrir minbari” rukni ostidagi “Birlashmoq davri” sarlavhali bosh maqolasida mazkur yangi nashrning mazmun-mohiyati, maqsad-muddaolari, yo‘nalishi haqida to‘xtalib o‘tilgan. Bugun dunyoda yangilanayotgan O‘zbekiston sifatida e’tirof etilayotgan mamlakatimizda kechayotgan ma’rifiy islohotlarning jadid bobolarimiz g‘oya va intilishlari, maqsad-muddaolariga nechog‘li hamohang ekani teran, samimiy, ravon, xalqchil tarzda ifoda etilgan.
Gazeta sahifalarida buyuk millatparvar, ma’rifatparvar bobolarimizning millatni isloh etishga oid g‘oyalari, "Manbalar", "Tamaddun", "Oyina", "Boqiy meros", "Davr ruhi", "Meros", "Moziy sabog‘i", "Fikr maydoni" kabi ruknlar ostida taniqli adabiyotshunoslar, yozuvchilar, publitsistlar, olimlar, tarixchilarning ilmiy-ommabop maqolalari joy oldi.
Darhaqiqat, "Jadid" gazetasi tom ma’noda ma’rifatparvar bobolarimiz orzu qilgan yangi zamonning shukronasi, Vatan va xalq manfaatlari yo‘lida bugun yana millat oydinlarini birlashtirishdek ezgu g‘oya tantanasidir. Yangi O‘zbekistonning muhtasham ushbu nashri xalqimiz ziyolilari, keng jamoatchilik tomonidan yangi fikr ufqlarini ochguvchi ma’rifiy nashr sifatida katta ko‘tarinkilik bilan kutib olindi.
"Jadid" gazetasining nishona soni hamda ushbu yangi nashrni ta’sis etishning tarixiy ahamiyati haqida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi "Madaniyat va ma’rifat" telekanalida taqdimot qilindi.