EKOLOGLAR SAFI KENGAYSIN

18-19-noyabr kunlari O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari uchun ekologik bilimni oshirishga qaratilgan trening tashkil etildi.

“Ekolog” jamoat birlashmasi va hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan “Yoshlar uchun iqlim ta'limi: Barqaror kelajak sari qadamlar” mavzuida o‘tkazilgan treningda "Ekolog” jamoat birlashmasi rahbari Nargis Qosimova, birlashma vakili Feruzbek Sayfullayev, xalqaro ekspert Natalya Idrisova tomonidan yoshlarga muhim ekologik bilimlar berildi.

O‘quv mashgʻulotlari davomida talabalarga "Global iqlim oʻzgarishi nima? BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari:  iqlim o‘zgarishiga moslashish", "Ommaviy axborot vositalarida iqlim oʻzgarishi masalalari qanday yoritiladi?", "Xalqaro va milliy tajriba", "Uglerod izi nima?"  mavzularida tushunchalar berildi. Shu bilan birgalikda mavzular yuzasidan talabalar guruhlarga bo‘linib taqdimotlar tayyorlashdi va amaliy topshiriqlarni bajarib, o‘zaro fikr almashdilar. 

Treningning ikkinchi kunida ishtirokchilar ekologik muammolar aks ettirilgan videoroliklar tayyorlashdi. Bu bilan bo‘lajak jurnalistlar ekomadaniyatni shakllantirish borasidagi o‘zlarining bilimlarini namoyish etishdi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan treningda talabalar nafaqat o‘zlari uchun ekobilimni olishdi, balki kelajakda jurnalist sifatida aholi orasida ona tabiatni asrash borasida keng ko‘lamda targ‘ibotlar olib borishlari zarurligini ham tushunishdi.

Trening soʻnggida bo‘lajak ekologlarga "Ekolog" jamoat birlashmasi hamda Qirg‘iziston Respublikasi "Move Green"  jamoat birlashmasining sertifikatlari topshirildi.

 

Shahnoza Mansurova, 

O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetining 3-kurs talabasi.


Авторизация