O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 33 yilligi tantanalari Jizzax shahri va viloyatimizning boshqa hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirlar dastlab harbiy orkestr sadolari ostidagi ommaviy yurish marafonidan boshlangan bo‘lsa, Mustaqillik maydoniga yoyilgan 100 metrli ulkan bayroq barcha hamyurtlarimizga bayram kayfiyati ulashib, vatanparvarlik to‘yg‘ularini yanada yuksaltirishiga xizmat qildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bayroq qadim-qadimdan har bir xalqda mustaqillik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan. BMT binosida unga a’zo bo‘lgan 193 mustaqil davlat qatori O‘zbekistonning ham bayrog‘i hilpirab turibdi.
Bayroq atamasi eski turkiy atama bo‘lib, u bundan ming yillar avval ham aynan shu ma’noda qo‘llangan. Tilshunoslarning aytishicha, bu nom qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qo‘llangan.
2018 yilning oktyabr oyida bayrog‘imiz yana bir xalqaro tashkilot – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (hozirda Turkiy davlatlar tashkiloti)dan ham o‘rin oldi.
Shahardagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Do‘stlik tumanidagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham “Millat bayrog‘i” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirildi.