Yer – davlat mulki. Uning har qarichidan asrab-avaylab foydalanish – barchaning birdek burchi. Yer to‘g‘risidagi qonunbuzilish holatlarining oldini olish yuzasidan keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilayotganiga qaramasdan, yerlarni noqonuniy egallash va noqonuniy obyektlar qurish bilan bog‘liq jarayonlar hamon davom etayotgani achinarlidir.
Joriy yilning ortda qolgan to‘qqiz oyi davomida Kadastr agentligi Jizzax viloyati tuman shahar bo‘limlari inspektorlari tomonidan yer nazorati tizimida olib brilgan tadbirlari natijasida viloyat bo‘yicha 3622 ta holatda 922,88 gektar yer maydoni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi.
O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarining 536 ta holatda 633,23gektari yer fondining qishloq xo‘jaligi toifasi, 2248 ta holatda 91,59 gektari aholi punkti, 96 ta holatda 2,22 gektari sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar, 91 ta holatda 21,88 gektari O‘rmon fondi, 465 ta holatda 159,41 gektari suv fondi, 183 ta holatda 14,34 gektari zaxira yerlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Bunday qaltis ishga qo‘l urayotganlarga sud organlari orqali qonuniy choralar ko‘rilib, barpo etilgan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha sudlarning tegishli qarorlari asosida majburiy ijro organlari tomonidan ijrosi ta’minlanib kelmoqda. Jumladan, 2024-yilning ortda qolgan 9 oyi mobaynida 4505 nafar huquqbuzarga nisbatan xujjatlar rasmiylashtirilib. shundan 2236 nafariga jami 29 mlrd 877 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Qo‘llanilgan jarimalarning 1233 tasidan 2 mlrd 624 million so‘m qismi kadastr organlari tomonidan (amaldagi tartib bo‘yicha 15 kunlik muddatda to‘lovni amalga oshirgan huquqbuzarlarga 1 mlrd 488 million so‘m 50 va 30 foizlik imtiyozlar qo‘llanilgan) undirilishi ta’minlandi. 342 ta to‘lanmay turgan 9 mlrd 739 million so‘mlik jarima undiruvga qaratildi.
Xususan, Oltin vodiy MFY hududidan fuqaro F. S tomonidan yer uchastkalarining davlat zaxirasida bo‘lgan suv fondi yerlari hisobidagi 16 kv.m yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, qurilish ishlarini amalga oshirganligi aniqlandi. Kadastr agentligi Arnasoy tumani bo‘limi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan yer nazorati tadbirlari davomida mazkur noqonuniy holat fosh bo‘ldi. Natijada esa aniqlangan holat yuzasidan fuqaro F. S. ga nisbatan tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan MJtKning 60-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ogohlantirish xati berildi.
Xuddi shuningdek, Baxmal tumani, Do‘stlik MFY hududidan fuqaro U.E. tomonidan yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilish qurib olinganligi o‘tkazilgan yer nazorati tadbirlari davomida oydinlashdi. Ushbu holat yuzasidan fuqaro U. E. ga nisbatan MJtKning 60-moddasi 3-qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilib, ogohlantirish xati berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yerlarni talon-toroj qilishga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Bu masala bilan bog‘liq munosabatlar tenglik va ochiqlik asosida amalga oshiriladi.
Nodir SIDIKOV,
Kadastr agentligi Jizzax viloyati
boshqarmasi boshlig’i