Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi joriy yilda ana shu shior ostida o‘tkaziladi. Xalq deputatlari shahar Kengashining 63-sessiyasida yangi tartib asosidagi siyosiy jarayonga taalluqli masala manfaatdorlik bilan muhokama etildi.
Barcha darajadagi deputatlarning vakolati 2024-yilda tugaydi. Mamlakat markaziy saylov komissiyasining joriy yil 26-iyuldagi majlisida qabul qilingan qarorda saylovni Konstitutsiya va amaldagi qonunlarga muvofiq tarzda tashkil etish masalalari o‘z ifodasini topgan.
Asosiy qonunimizning 128-moddasiga ko‘ra, siyosiy jarayon oktabr oyining uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyasi a`zosi Nurzoda Karimova bu yangilik haqida batafsil to‘xtaldi.
Siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga ega. Nomzodlarni tavsiya etishda ayollar ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilanmoqda. Bo‘lajak deputat saylovda saylovchilarning nisbiy ko‘pchiligi ovozini olish lozim. Bu esa takroriy ovoz berishni talab etmaydi.
Yangi tizim joriy etilishi munosabati bilan mahalliy Kengashdagi deputatlik o‘rinlari soni hudud aholisi sonidan kelib chiqilgan holda 2025-yilda boshlab 25 ta etib belgilandi.
Oliy Majlis Senati a`zosi, viloyat hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nazira Muxtorova, shahar Kengashi raisi Komil Xolmurodov, xalq vakillari Musaxon Imomov, Jo‘ra Murodov va boshqalarning chiqishida saylov kampaniyasini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga oid takliflar o‘rtaga tashlandi. Bu bejiz emas. Chunki, kelgusi besh yillikning yangi deputatlari kim bo‘lishiga hech kim loqayd qaramasligi kerak. Nega deganda, gap Jizzax va jizzaxliklar kelajagi haqida borayapti.
Sessiyada kun tartibidagi masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
R.TOG‘AYEV