TIZIMNI TUGATISH MUAMMOGA YECHIM BO'LMAYDI

Ijtimoiy tarmoqlarda yuz berayotgan yo'l-transport hodisalarining oqibatlari, ayniqsa bolalar bilan bog'liq noxush vaziyatlarning ko'pligi tufayli Yo'l harakati xavfsizligi xizmatini tugatish taklifi bildirilgani turli bahs-munozaralarga sabab bo'ldi.

Ikki yil oldin butun mamlakat bo'ylab black out, ya'ni elektr tarmoqlarida bir necha kunlik uzilish ro'y berdi. Shu vaziyatda "GAI"lar harakat tartibini saqlab turishdi. Anomal sovuq sharoitida ham, jazirama issiqda ham svetoforda nosozlik kuzatilsa, YHX xodimlari xizmatga shay. Yo'l-transport hodisalarining sabablarini aniqlamay turib, ularni vazifasini bajarmaslikda ayblash o'rinli emas, nazarimizda. Axir YTHda har doim ham haydovchi aybli bo'lavermaydi.

Shu o'rinda yana bir mulohaza: svetoforning ta'qiqlovchi chirog'iga qaramay, mashina yo'q bo'lsa yo'lni kesib o'tganligimiz uchun jazo berilsa qanday bo'lardi? Piyodalar o'tish yo'li qolib, belgilanmagan joydan kesib o'tishgachi? 

Yo'llarda tezlikni cheklovchi belgilar qo'yilganligiga qaramay, uchar haydovchilar o'pkasini qo'ltiqlagancha yurishganiga guvohmiz, hatto shunday avtoulovlarga bir marotaba bo'lsa ham yo'lovchi sifatida chiqqanmiz. Radar qo'yilsa, haydovchi norozi. "Peshexod" yo'ldan o'tayotgan bo'lsa, tez-tez o'tsin deya signal chalib, yo'lovchi o'tar-o'tmas g'izillab ketadigan uddaburonlarni kim tartibga chaqiradi? 

Ota-ona, bobo-buvilar ham yo'lda harakatlanar ekan, farzandlari, nevaralarini belgilangan joydan kesib o'tishga o'rgatsalar foydadan holi bo'lmas edi. Ayniqsa, maktablarda ushbu turdagi dars mashg'ulotlarining sifatli o'tilishini ham yoddan ko'tarmaslik darkor.

Har bir sohada bo'lgani kabi YHX tizimida ham islohotlar amalga oshirilayapti. Biroq hech bir yangilik birdaniga katta o'zgarish yasay olmaydi. Buning uchun vaqt kerak. Tizimni tugatish muammoga yechim bo'lmaydi. O'rniga boshqa nom bilan shu vazifani bajaruvchi yangi tashkilot faoliyat boshlaydi. Yo'llarda harakatlanish madaniyatini o'rganmas ekanmiz, haydovchi va yo'lovchi o'rtasida hurmat bo'lmas ekan, noxush voqealarning keti uzilmaydi. Bu jarayonda esa faqat YHX xodimlarini aybdor qilish mantiqsiz ekanligini yaxshiroq o'ylab ko'rish ham ayni muddao.

 

Gavhar Saydullayeva,

jurnalist


Авторизация