MEHMONLAR YORQIN TAASUROTLAR BILAN QAYTISHDI

   Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar Vazirligi huzuridagi diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi hamda Jizzax viloyati Turizm boshqarmasi hamkorligida diplomatik korpus vakillari uchun Jizzax viloyatida ikki kunlik sayohat tashkil etildi.

   Ushbu sayohatni tashkil etishdan maqsad — Oʻzbekistondagi xorijiy davlatlarning diplomatik korpus vakillarini viloyat tarixi va bugungi zamonaviy koʻrinishi bilan yaqindan tanishtirish, ichki turizmni rivojlantirish va hududdagi turizm salohiyatini targʻib qilishdan iboratdir.

   Dastlabki manzil Jizzax viloyatining maxsus iqtisodiyot hududida joylashgan «Master Bilding Products» korxonasi boʻldi. Ushbu korxona faoliyati va ishlab chiqariladigan mahsulotlari hamda ularning xorijiy davlatlarga eksporti toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Shundan soʻng mehmonlar «ADM Jizzakh» korxonasida boʻlib, zavoddagi ishlab chiqarilayotgan «Cherry», «KIA», «Havan» kabi avtomashinalar koʻrgazmasi va ishlab chiqarilishi jarayonlari bilan tanishdilar.

   Mehmonlar taniqli jamoat va davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidovning faoliyati bilan tanishish maqsadida uning nomi bilan ataluvchi uy muzeyida ham boʻldilar. Bu yerda Sharof Rashidovning hayoti haqida hikoya qiluvchi ekspozitsiyasi va saqlanayotgan qimmatli hujjatlar, shaxsiy buyumlari va boshqa eksponatlar diplomatik missiya vakillarida alohida taassurot qoldirdi.

   Shundan soʻng, Jizzax viloyati turizm salohiyati va ekoturizm obyektlari bilan yaqindan tanishish boshlandi. Betakror tabiati, musaffo havosi bilan mashhur hudud — Zominning zamonaviy turistik obyektlari ham mehmonlarni befarq qoldirmadi. Ayniqsa, «Everest Plaza» mehmonxonasida sayyohlar uchun yaratib berilgan sharoitlar, zamonaviy osma dor yoʻli, bu yerdagi bolalar maydonchalari, sogʻlomlashtirish maskanlari barchada birdek qiziqish uygʻotdi.

 

Said Donishev


Авторизация