Jizzax Davlat pedagogika universitetining Sirtqi boʼlimi Zarbdor tumanidagi Boʼston shaharchasida joylashgan. Mana bir necha yillardan beri boʼlimning Tabiiy va aniq fanlarda masofaviy taʼlim kafedrasi, Tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi yoʼnalishida talabalar qalamtasvir, rangtasvir hamda muhandislik grafikasi fanlari bo’yicha tahsil olib kelishmoqda.
Ochigʼini aytish kerak, sirtqi taʼlim sifatiga sal shubha bilan qaraydiganlar ham bor. Аmmo bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar kunduzgi taʼlimdan aslo qolishmaydi. Keng va yorugʼ, qishda issiq xonalar, qalamtasvir va rangtasvir mashgʼulotlari uchun zarur boʼlgan molbert va boshqa jihozlar talabalar ixtiyorida.
Аlbatta, mazkur yoʼnalishda dars berayotgan oʼqituvchilar ham sifatli taʼlim berish, talablarning yetarlicha bilim olishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarini sarflamoqdalar. Ustozlarning tinimsiz izlanishlari, fidokorona mehnatlari samarasiz boʼlmadi. Mazkur yoʼnalish boʼyicha sirtqi boʼlimda tahsil olayotgan talabalar orasida universitet tarixida ilk bor Oʼzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzoligiga loyiq boʼlgan iqtidor egalari aniqlandi.
Sirtqi boʼlimda universitet mamuriyati tomonidan tashkil qilingan tadbirda talabalar Sherali Egamqulov bilan Oʼktam Umarovga diplom va Oʼzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzoligi guvoxnomalari topshirildi.
Mazkur yoʼnalishda taʼlim olayotgan aksariyat talabalar qatori bu ikki shogird ham ayni kunlarda tuman maktablarida tasviriy sanʼat fanidan dars berishmoqda.
Bunday yutuqlarga erishish bejizga emas. Negaki Jizzax Davlat peadgogika universiteti bilan Oʼzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi oʼrtasida yaqin hamkorlik yoʼlga qoʼyilgan. Iqtidorli talabalarning shaxsiy koʼrgazmalari tashkil etilmoqda. Yuqorida aʼzolikka qabul qilingan talabalardan tashqari tasviriy sanʼat borasida boshqa iqtidor egalari bilan ham ustoz-shogird anʼanalari asosida ishlar yoʼlga qoʼyilgan. Kelgusida universitetning sirtqi boʼlimidan nafaqat viloyatimiz, balki respublika miqyosida ham taniqli boʼlgan rassomlar, haykaltaroshlar yetishib chiqishiga ishonamiz.
Dilshod Jabborov,
Jizzax Davlat pedagogika universiteti,
Sirtqi boʼlim, Tabiiy va aniq fanalrda masofaviy taʼlim kafedrasi oʼqituvchisi.