FVV ishchi guruhi hamda toshqinga qarshi kurashish Jizzax viloyat shtabi aʼzolari tomonidan “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida viloyatning sel xavfi mavjud hududlarida ularni bexavotir o‘tkazib yuborishga qaratilgan tadbirlar uyushtirilmoqda.
Jumladan, Jizzax shahrining “Аmir Temur” va “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidan oqib o‘tuvchi sel yo‘llari, shuningdek, Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzax suv ombori”ning holati bo‘yicha aholini erta xabardor qilish tizimlarining yaratilganligi, toshqin suvlari, sel oqimlarini xavfsiz o‘tkazib yuborish, ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar o‘rganildi. Masʼullarga qo‘shimcha yo‘riqnoma va ko‘rsatmalar berildi.
***
Jizzax viloyat IIBda bo‘lib o‘tgan madaniy-maʼrifiy tadbirda osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘lida matonat bilan xizmat burchini bajarayotgan xodimlarning mehnati eʼtirof etildi. Shu maʼnoda Ichki ishlar vazirligining “Аʼlo xizmatlari uchun”, birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alar, viloyat ichki ishlar boshqarmasining sovg‘alari o‘z egalariga topshirildi.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar Jizzax davlat pedagogika universiteti Madaniyat saroyi kontsertmestri Gulmurod Xudoynazarovning “Kino sanʼatining yoshlar tarbiyasiga taʼsiri” mavzusidagi maʼruzasini diqqat-eʼtibor bilan tingladilar.
Fazlulloh MANSUROV,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi