Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining ellik oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda xalq deputatlari shahar Kengashi deputatlari, shahar hokimining o‘rinbosarlari, sektorlar, korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Sessiya ishini shahar hokimi, xalq deputatlari shahar Kengashi raisi K.Xolmurodov boshqarib bordi. Dastlab Oliy Majlis quyi palatasi deputati O‘.O‘rozboyev so‘z olib, “O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati xususida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi masalalarga navbat berildi. Jumladan, sessiya ishida shaharda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash, ularning zahirasini shakllantirish, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “Yashil energiya” resurslari bilan barqaror ta’minlash, 2023-2024-yillardagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarining ahvoli, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holati, aholi murojaatlari bilan ishlash tahlili, mahalliy budjet daromadlarining bajarilishi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidagi mablag‘larni xarajatlarga yo‘naltirish kabi qator masalalar bo‘yicha mutasaddilarning axborot va hisobotlari tinglandi. Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Jizzax viloyatidan saylangan deputatlar ishtirok etishdi.
(O‘z muxbirimiz)