“O‘zmilliybank” AJ buyurtmasiga asosan “Gold step” MCHJ tomonidan bunyod etilgan zamonaviy dor yo‘li va ko‘p qavatli avtoturargohning qurilish-montaj ishlari uchun (dor yo‘lidan tashqari) 133,3 mlrd. so‘m sarflandi. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida dunyoga mashhur Shvetsariyaning “Bartolet AG” kompaniyasi tomonidan 6,72 million yevrolik dor yo‘li uskunalari yetkazib berildi.
“Zomin” osma dor yo‘lining uzunligi 2 640 metr bo‘lib, 12 ta minorali 11 ta ustundan tashkil topgan. Shu bilan birga, 11-sonli eng baland minoraning balandligi 35 metrni, yerga qadar eng katta masofa esa 74 metrni, dor yo‘lining eng katta qiyaligi 42 gradusni tashkil etadi.
Quyi stansiyaning dengiz sathidan balandligi 1961,1 metrni, yuqori stansiyasi esa 2490,6 metrni, stansiyalar o‘rtasidagi balandlik farqi 529,5 metrni tashkil etadi. Dor yo‘lida mijozlarni tashish uchun “Porsche” studiyasida ishlab chiqilgan zamonaviy dizayndagi 36 ta kabina taqdim etilgan. Maksimal o‘tkazish qobiliyati (bir tomonlama) soatiga 1 200 nafar mijozlarni qabul qilish quvvatiga ega.
Shuningdek, mijozlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqasadida, dor yo‘lining pastki stansiya hududida yig‘ma metall konstruksiyalardan foydalangan holda 400 o‘rinli, 5 qavatdan iborat avtoturargoh barpo etildi.