O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyul kungi “O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi Farmonida 2024-2025-yillarda auditoriyasi 10 milliondan ortiq bo‘lgan xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuyenserlarni jalb qilish vazifasi belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati Turizm boshqarmasi va O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi “Zomin turistik rekreatsion zona direksiyasi” DUK bilan hamkorlikda Birlashgan Arab Amirligining nufuzli blogerlari uchun press-tur tashkil etdi. Unda “Hawas TV”, “Al Mashhad media” multimedia hamda “Yalla Mishwar” platformalari rahbar va ijodiy xodimlari, blogerlar qatnashishdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Sharof Rashidov nomidagi uy muzeyini ko‘rishdi. So‘ngra viloyatning brendiga aylangan Jizzax somsasining tayyorlanish jarayonida ishtirok etishdi. Shuningdek, Zomin tumani turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish va uni keng targ‘ib qilish maqsadida betakror tabiat manzarasi, milliy patir tayyorlanish jarayonlarida ishtirok etdilar, turizm xizmati turlaridan kvadratsiklda sayohat, shishali osma ko‘prik va zamonaviy osma dor yo‘li, “Wyndham” mehmonxonasi, sog‘lomlashtirish markazi faoliyati asosida mediakontentlar tayyorlandi.
Ayni paytda Jizzax viloyatining turizm salohiyati to‘g‘risida tayyorlangan mediakontentlar BAA davlatida yanada kengroq targ‘ib qilinib, xorijiy sayyohlarni jalb etish belgilangan.
(“Jizzax ovozi”)