YANGI O'ZBEKISTON-YANGICHA TAFAKKUR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11- sentabrdagi "O‘zbekiston - 2030 " strategiyasi to‘g‘risida"gi Farmonida asosiy e`tibor har bir inson o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlarni yaratish vazifasiga qaratilgan bo‘lib, ushbu tarixiy hujjat kelgusi 7 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar strategiyasini qamrab olgan. Shuningdek, beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta aniq va manfaatli maqsadlar belgilab olingan. 

Xususan, Prezidentimizning "O‘zbekiston - 2030" strategiyasida ko‘zlangan bosh maqsad insonlarning farovon turmush tarzini ta`minlash, nafaqat insonlar balki atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini tejash, qonun ustuvorligini ta`minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishdek muhim vazifa qilib belgilangan.

Bugun yaqin o‘tmishimizdan saboq olish mavridi. Totalitar tuzum davrida davlat mamlakat boshqaruv tizimidan tortib odamlarning kundalik turmushiga daxldor bo‘lgan masalalarni hal etishgacha hammasini o‘z zimmasiga olgan edi. Natijada esa xalq moddiy va fikriy boqimandalik kasalligiga mubtalo bo‘ldi. Xalq faqat ishlash huquqiga ega edi, xolos. Voqelikni idrok etish, unga munosabat bildirish, katta maqsadlar bilan yashash tuyg‘ulari tamomila so‘ndirilgan edi.

Mana bugun Yangi O‘zbekiston davlati - yangicha tafakkur davlati, deb bemalol, baralla aytsak bo‘ladi. Insonlarning qadri qimmati, sha`ni, uning yashash huquqi va baxtli, saodatli hayoti kafolatlangan. Àholi salomatligiga alohida e`tibor ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida "ijtimoiy xizmat ishi"ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bunda ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularni davolash, dori vositalari bilan ta`minlash, farzandlarini maktabgacha va maktab ta`limi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilgan. 

Zero o‘z fikriga, qat`iy hayotiy pozitsiyasi, keng tafakkuriga ega bo‘lgan xalq haqiqiy mustaqildir. 


O‘rol O‘rOzboYev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a`zosi



Авторизация