XUNUK MANZARA

Shahardagi Bobur mahallasining "Zarafshon" ko‘chasidan o‘tar ekansiz, xunuk bir manzarani ko‘rib beixtiyor tabingiz xira bo‘ladi. Negaki shundoqqina ko‘cha yoqasida axlat, chiqindilar kichikkina bo‘lsada tepalik hosil qilib, yo‘l chetiga chiqib borgan. Àgar ahvol shu tarzda davom etsa, yaqin kunlarda ko‘cha ham chiqindi bilan qoplanishi ajab emas.

Mahalladagi 136-uyning orqa tarafida paydo bo‘lgan axlatxona nahotki 10 kundan buyon biror mutasaddi tashkilot nazariga tushmagan bo‘lsa? Mahalla raisi, faollari qayerga qarashyabdi? 

Àxlat uyumi to‘plangan joy yonginasidan 33 hamda 11-yo‘nalishdagi avtobuslar harakatlanadi. O‘tgan-qaytgan yo‘lovchilarning so‘zlariga qaraganda, bu joy "Eco xouse" tashkiloti hududiga kirar ekan.

Mahalladagi yana bir xunuk manzarani 65/3-uyning orqa tomonida ko‘rish mumkin. Odamlar shundoqqina yo‘l chetiga, ariq ichiga turli chiqindilarni tashlashgan. Hatto daraxtlarga ham axlat solingan xaltalarni ilib ketishganiga nima deysiz?.. 

To‘g‘risi kimni ayblashga ham hayronmiz. Tozalikka mas`ul tashkilotning mas`uliyatsizligi-ku yaqqol ko‘rinib turibdi. Xo‘sh odamlarchi?.. Nahotki mahalla ahlining ekologik madaniyati shunchalik past bo‘lsa?...

Lobar Ochilova



Авторизация