E'TIBORGA LOYIQ INSON

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirok etdi. 

Unda ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat, madaniyat va san’at sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, kino san’atini rivojlantirishga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, muloqotda ma’naviyat va ma’rifatning ustuni bo‘lmish ziyoli insonlar, adabiyot namoyandalarining bildirgan takliflari tinglandi. Aytish lozimki, ma’naviy-ma’rifiy soha rivojida jurnalistlarning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, matbuot sahifalarida chop etilayotgan maqolalarning saviyasi, imlo jihatidan bexato ekanligi o‘zbek tilini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan vohamizning 90 yoshdan oshgan otaxon nashri - “Jizzax ovozi” gazetasida ishlagan marhum Akram Inomovning ham bu borada amalga oshirgan ishlarini yodga olish joiz deb o‘ylaymiz. Zero, Akram Inomov qariyb 40 yil mobaynida gazetaning jamiyat, til taraqqiyoti uchun xizmat qilishini ta’minladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev iste’dodli jurnalist, jonkuyar jamoatchi, samimiy va fidoyi inson Akram Inomovning matbuot, adabiyot, madaniyat va san’atni rivojlantirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan hissasini inobatga olib, uning oilasiga maktub yo‘lladi. Mazkur xat nafaqat marhumning xotirasiga ko‘rsatilgan ehtirom, balki jurnalistlar, “Jizzax ovozi” gazetasi ijodiy jamoasi uchun ham bildirilgan ulkan ishonch bo‘ldi.


Авторизация