ENG YUKSAK E'TIROF

Jizzax shahridagi 26-umumta`lim maktabi o‘qituvchisi Ro‘zigul Orziqulova uchun 2023-yil yakuni hayajonga boy kechmoqda. Qariyb yarim asrlik umrini yosh avlodga ta`lim-tarbiya berishga sarflagan fidoyi ustoz "Yil ayoli" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida gran-pri sohibasiga aylandi va unga Prezident sovg‘asi topshirildi.

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan, turli sohalarda mehnat qilayotgan, oilada va farzand tarbiyasida o‘rnak bo‘layotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, faollik ko‘rsatish maqsadida har yili o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlov ko‘plab mehnatkash, jonkuyar va fidoyi xotin-qizlarni kashf etmoqda. 

Ro‘zigul Orziqulova respublikada eng tajribali boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan biri desak yanglishmaymiz. U o‘zining mehnatsevarligi, jonkuyarligi, o‘z fanining bilimdoni, talabchanligi, mehribonligi bilan hamkasblari, shogirdlari orasida hurmat qozongan. R.Orziqulova faoliyati davomida izlanishdan to‘xtamadi. Mehnatlari samarasi o‘laroq , kasbiga doir tanlovlarda ishtirok etib faxrli yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, 2004-yilda shahar xalq ta'limi bo‘limida "Eng yaxshi fan kabineti" ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, boshlang‘ich sinflar bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni egalladi. 2006-yilda "Eng yaxshi fan o‘qituvchisi" ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. "Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ham tengsiz deb topildi. 

Ro‘zigul Orziqulova 2007-yilda "O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi a'lochisi" deb topildi. Qahramonimiz uzoq yillik tajribalari to‘plangan, interfaol uslublar jamlangan dars ishlanmalari muallifidir.

O‘tgan 2022-yil Ro‘zigul opa uchun omadli yakunlandi. U "Best Publication" ilmiy tadqiqotlar markazining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) miqyosida tashkil etilgan "Tashabbuskor islohotchi" esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Har bir mashg‘ulotning ko‘rgazmaliligini ta'minlashga intiladigan Ro‘zigul opa o‘quvchilari bilan hamkorlikda 900 dan ortiq ko‘rgazmali vositalar tayyorlagan. Shuningdek, 500 ga yaqin savollari jamlangan test banki yosh o‘qituvchilarning ham darslarni samarali tashkil etishida qo‘l kelmoqda. 

-  Davlatimiz rahbarining so‘nggi yillarda o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirish, pedagog xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatayotgan tashabbusi hamda yo‘lga qo‘yilgan islohotlardan boshim ko‘kka yetdi, - deydi "Yil ayoli" sohibasi Ro‘zigul Orziqulova. - Mazkur tanlovda ham erishgan muvaffaqiyatim barcha pedagogik soha vakillarining mehnatiga yuksak e`tirof deyishni lozim topdim. Zero, ustozlik kasbining qanday mashaqqatli ekanligi sir emas. Men kabi oddiy o‘qituvchining shunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rilishi kelgusida sohada fidoyi ustozlar safi kengayishiga turtki bersa ajab emas.

Suhbatdoshimiz o‘zining sinf xonasini zamonaviy talablarga mos qilib jihozlagan, o‘quvchilarga yanada puxtaroq bilim berish, ularga har bir darsda ko‘rgazmalilik asosida tushuncha berish uchun hozirgacha saksondan ziyod turli ko‘rgazmali qurollar tayyorlab, dars jarayonida qo‘llab kelmoqda. Ko‘p yillik tajribani endi ish boshlagan hamkasblari, yosh o‘qituvchilarga namunali darslar o‘tib berishi natijasida ishlari maktab, shahar va viloyat miqyosida ommalashtirilib kelinmoqda. 

Ro‘zigul Orziqulova bugun nafaqat shogirdlar, hamkasblar ardog‘idagi ustoz, balki 6 nafar farzandning mehribon onasi, 17 nafar nabira va 4 nafar evaraning jonkuyar buvisi hamdir. Fidokor ustozning nafaqat farzandlari balki, kelinlari, nabiralari ham ziyoli, oliy ma'lumotli bo‘lishida mehnatlari beqiyos.

Gavhar SAYDULLAYEVA


Авторизация