HAMSHAHARIMIZ-"YILNING ENG YAXSHI TARBIYACHISI-2023" KO'RIK-TANLOVI G'OLIBI

Jizzax davlat pedagogika universitetining rus tili va adabiyoti yo‘nalishini tamomlagan Aleksandra 2004-yilda 14-davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida tarbiyachi sifatida ish boshladi. 2011-yilda u maktabgacha ta'lim mutaxassisi, 2019-yili psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlov kurslarida tahsil oldi.

Faoliyatini ijodkorlik bilan bog‘lab, ta'lim-tarbiya jarayoniga yangiliklar kiritishga intilgan tarbiyachining mehnatlari besamar ketmadi. U "Yilning eng yaxshi tarbiyachisi - 2023" kasbiy ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Tanlovning shahar va viloyat bosqichida test topshirig‘i, video-portfolio va ochiq mashg‘ulot ishlanmasini tayyorlash shartlarida tengsiz deb topilgan Aleksandra Verenich respublika bosqichida ham o‘z mahoratini yuksak darajada namoyish eta oldi. Uning maktabgacha ta'lim sifatini oshirishda (ta'lim mazmuni, ta'limda metodikani qo‘llash, ta'limga innovatsiyalarni joriy etish, ta'lim sifatining natijaviyligi va h.k) mavjud muammolar va ularning yechimlari, metodist va tarbiyachilarga rivojlangan davlatlarda qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi loyihasi taqdimoti, mashg‘ulot ishlanmasi eng yaxshi deb topildi. Shuningdek, test topshirig‘ida ham shahrimiz vakilasi yuqori natija qayd etdi.

Ma`lumot o‘rnida aytish lozimki, Aleksandra Verenichning jonkuyarligi, tirishqoqligi inobatga olinib, 2019-yilda O‘zbekiston  Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan guruh Xitoy Xalq Respublikasiga tajriba almashish maqsadida safarga yuborildi. Ushbu guruh safida Aleksandra Verenich ham bor edi. U bugungi kunda tajribasi, mahorati, bilimi bilan viloyatimizdagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari o‘rtasida tajriba almashib, metodik yordam ko‘rsatib kelmoqda.


Gavhar SAYDULLAYEVA


Авторизация