Yog‘in-sochinli kunlar boshlanishi bilan soyabon, issiq kiyimlar va eng muhimi, suv o‘tkazmas poyabzallar barchamizning jonimizga oro kiradi. Biroq me`yordan ortiq yog‘gan yomg‘ir kommunal sohada, ayniqsa, elektr ta`minoti tizimidagi mavjud kamchiliklarni oshkor qilib qo‘yadi. Yaxshiyamki, iqlim sharoitimizda kuchli to‘fonlar kuzatilmaydi. Aks holda…
Biroq nima uchundir boshqa jihatlar faqatgina yomg‘ir yog‘ganda yodimizga tushadi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt, Samarqand va boshqa ko‘plab shaharlardagi ayrim ko‘chalarni suv bosganligi haqida videolavhalarni guvohi bo‘lamiz. Vaholanki, bu muammo Jizzax shahrini ham chetlab o‘tmaydi. Xalq tilida “stansiya bozor”dagi avtobuslar bekatiga kirish qismi, “Orom” bozor hududi, shahar prokuraturasi oldi, shuningdek, ayrim ichki yo‘llar yog‘ingarchilik vaqtida Venetsiya ko‘chalaridan qolishmaydi. Ushbu joylarda suv toshishiga sabab qilib ariqlar ichidagi chiqindilar suv yo‘lini to‘sib qo‘yganligi deyilsa, boshqa tomondan infratuzilma va kanalizatsiya tizimidagi mavjud muammolarning vaqtida bartaraf etilmayotganligidan deyish mumkin. Afsuski, bizda barcha kamchiliklar yuzaga chiqqach hal qilishga kirishiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan kommunal xizmatlardan norozilik kayfiyatini ko‘rsatib beradi. Hali oldinda qariyb 5-6 oylik yog‘ingarchilik mavsumi turibdi. Demak, mas`ul tashkilotlar muammoga jiddiy e`tibor qaratishga hali ham vaqt bor.