AYOLLAR MASALASI DOIM E'TIBORDA

Viloyat hokimligining kichik konferensiyalar zalida viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nazira Muxtorova ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

“Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda faolligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar” mavzuidagi muloqotda boshqarma tomonidan 2023-yilning o‘tgan davri mobaynida yo‘lga qo‘yilgan ishlar sarhisob qilindi.

Jumladan, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar va ularning farzandlariga Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan 442 ta reabilitatsiya vositalari olib berildi. Shuningdek, turli manbalardan 4194 nafar xotin-qizlar va ularning farzandlarining operatsiyalari va davolanishlari uchun 4,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 

Joriy yilda 60157 nafar ayollarning bandligi ta`minlandi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish istagida bo‘lgan 17333 nafardan ortiq xotin-qizlarga 222 milliard so‘m miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratildi. 

Shuningdek, muloqotda jamiyatimizda xotin-qizlarning siyosiy faolliklarini oshirish, ularni davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash, qisqacha aytganda, gender tenglikka erishish yo‘lidagi islohotlarga ham alohida urg‘u berildi. 

Yakunda OAV xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

(o‘z muxbirimiz)


Авторизация