MAQSADIMIZ YUKSAK

Geologiya sohasi tabiat bilan bog‘liqdir. Tabiatni o‘rganish, anglash, tadqiq qilish va bilimlarni yoshlarga o‘rgatish joizdir. Bizni o‘rab turgan tabiat bebaho boyligimiz bo‘lib, kelajagimiz garovidir. Undan unumli foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik kerak. 

Dunyo olimlarining bilim va tajribalarini o‘rganish yurtimiz rivojiga katta hissa qo‘shadi, degan fikrdaman. Fan, texnika, texnologiya tez va izchil rivojlanmoqda.  Bu borada yoshlarning ilm-fanga qiziqishi oshishi juda quvonarli.

Shu o‘rinda Yurtboshimizning sohaga bo‘lgan e`tibori muhim va ahamiyatlidir. Prezidentimizning ilm-fanga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligiga javoban yoshlar ham o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalanib, ilm-fanni egallashlari, kashfiyotlar qilishga, yangi texnologiyalar yaratishga intilishlari kerak. 

Respublikamizning markaziy qismida joylashgan viloyatimizdagi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yurtimiz ravnaqi uchun juda katta imkoniyatlarni yaratadi. Marjonbuloq oltin, Qo‘ytoshdagi ohak, vollistanit, volfram, Uchqulochdagi qo‘rg‘oshin konlari bunga yaqqol misoldir.

Har bir sohada bo‘lgani kabi geologiya sohasiga ham hukumat darajasida e`tibor qaratilmoqda. Sohadagi eng yangi ilmiy izlanishlarni o‘rganish va ulardan xabardor bo‘lish uchun geologiya sohasida ilmiy konferentsiyalar va seminarlarga qatnashish, ilm-fan yutuqlaridan xabardor bo‘lib borish lozim. Ilmiy-ommabop jurnallarni muntazam ravishda o‘qib borish, shu bilan birgalikda maqolalar yozib, faol ishtirok etish ham ilmiy salohiyatimizning rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Xalqaro geologiya tashkilotining veb-saytlari ham mavjud. Biz bu saytlar orqali dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lishimiz kerak. 

Men ham kelajakda geologiya sohasida ilmiy ishlar qilib, mamlakatimizda geologiya sohasini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman.


B.Àbdullayev,

 Qozon federal universiteti Jizzax filialining

Geologiya fakulteti talabasi



Авторизация