"PISTALIKENT" SHFY AHOLISIGA KOMPENSATSIYA PULI BERILADIMI?

Zafarobod tumani, “Pistalikent” SHFYda yashovchi Dilorom Shaxobova “Jizzax ovozi” gazetasiga yo‘llagan murojaatida ushbu hududdagi tog‘lardan foydali qazilmalar qazib olish jarayonidagi portlatishlar oqibatida sog‘lig‘iga zarar yetayotganligini bildirgan.

Shuningdek, D.Shaxobova bu faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning aholiga kompensatsiya puli to‘lashi zarurligi yoki boshqa hududga ko‘chirish choralarini ko‘rishi lozimligini ta`kidlagan. Murojaatchi bu borada bir necha mas`ul tashkilotlarga ariza yuborgani, lekin hech qanday natija yo‘qligi, xodimlar murojaatni faqatgina yopib ketish uchun o‘rgangani kelganini aytgan. Murojaatga ilova qilingan videotasvirlar va suratlarda portlatishlar oqibatida osmonga ko‘tarilgan chang-to‘zonlar yaqqol aks etgan. 

Ushbu SHFY raisi Abdulhakim Ahmedov bilan telefon orqali bog‘langanimizda, u tadbirkorlar tomonidan hech qanday kompensatsiya puli berilmaganligi, yuzaga kelayotgan chang-to‘zonlar aholi istiqomat qilayotgan hududga kelmasligi, zarari yo‘qligini aytdi. 

Mamlakatimizda «Inson qadri hamma narsadan ustun» tamoyili hukm surgan bir paytda bunday holatlarga yo‘l qo‘yishga qanday baho berish mumkin? Asl holat esa hududda yashovchi aholigagina ayon. Shunday ekan, Zafarobod tumani hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlardan holatni o‘rganib, rasmiy munosabat bildirishini kutamiz.

Tahririyat


Авторизация