Zilolabonu Xoliqova jizzaxlik taniqli bastakor G‘ani Xoliqov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra'no Qodirjonovalarning farzandi. U yoshligidan san`at va adabiyotga mehr qo‘ygan. Ayni paytda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining 4-bosqich talabasi.
Zilolabonu Xoliqova shu yilning 6–11-sentabr kunlari Turkiyaning Aydin viloyati, Didim shahrida Aydin shoirlar va yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan XVII xalqaro san’at, madaniyat, she’riyat va musiqa festivalida faol ishtirok etib, maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ayniqsa, "Ohu" xalqaro ijodkorlar klubi rahbari Zilolabonu Xoliqova qalamiga mansub she'rlarning aynan zamonaviy turk tilidagi ijrosi katta olqishlarga sabab bo‘ldi.
***
Xalqaro festivalda Turkiya, shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon Respublikalaridan 100 nafardan oshiq ijodkorlar ishtirok etishdi.
Êunlik dastur ertalabki nonushtadan so‘ng Aydin viloyatining tarixiy maskanlarini aylanish bilan boshlandi.
Rim imperiyasi hukmronlik qilgan bu hududda tarixiy qal'a, Apollon ibodatxonasi, "Millet" amfiteatri va muzeyi, Priena antik shahri va o‘nlab ochiq osmon ostidagi arxeologik muzeylar joylashgan. 300 yillik tarixga ega "Shapel" ibodatxonasi dinlar o‘rtasidagi do‘stona rishtalarni yanada mustahkamlash uchun xizmat qilib kelmoqda. Bu yerda yana zaytun shoxi uzatgan, tinchlikni ramzlovchi ko‘plab haykallarni kuzatish mumkin. Shuning uchun ham ushbu makonda ko‘plab madaniy festivallar muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi. Inchunun, nafaqat tekis, mayda qumli sohil plyajlari, balki qoyatoshlar uzra mavj urgan to‘lqinlar, tik qoyalar ustiga qurilgan mahobatli antik shahri bilan xorijiy va mahalliy sayyohlarni eng ko‘p jalb etib kelayotgan maskanlardan biridir.
Menderes deltasi milliy parki, Tilak yarim oroli, qadimiy rimliklar qishlog‘i, fauna uy-muzeyi mehmonlarning diqqatini o‘ziga tortuvchi ajoyib maskandir.
Dengizga kelasiz-u yelkanli kemalarda sayr qilish, bir-biridan chiroyli va billur suvlarga ega ko‘rfazlarda suzishning gashti mutlaqo boshqacha...
Didim shahri dengiz sohilida joylashganligi uchun turistik maskan hisoblanadi. Shahar infrastrukturasi sayyohlarga mo‘ljallab shakllantirilgan. Ko‘plab zamonaviy uy mehmonxonalari mavjud. Yam-yashil o‘rmonlari, top-toza ko‘chalari, anvoyi turdagi daraxt va gullar ifori oqshom salqiniga boshqacha ko‘rk beradi.
Ochiq osmon ostidagi mushoiralar yarim tungacha davom etdi. Ishtirokchilar tanishuvi, she'rlar bilan boshlangan dastur milliy qo‘shiq, ashula va raqslar bilan yanada o‘zgacha ranglanadi. Festival davomida katta doshqozonda o‘zbek palovi damlanib barchaga tortiq qilindi. Milliy liboslarda kelin-kuyov chiqishi, kelin salom va laparlar ishtirokchilar ko‘z o‘ngida ko‘hna Turkistonni jonlantirdi. Yangi she'riy to‘plamlar taqdimot qilindi. Ijodkorlar o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatilib, asarlar, kitoblar, she'r va maqolalar bo‘yicha fikr almashildi. Jo‘shqin suhbatlar kelajak maqsadlarga qarata yo‘l xaritasi chizilishiga zamin yaratdi. Shu kabi madaniy festivallarning O‘zbekistonda ham uyushtirilishi haqida kelishib olindi.
Aydinda o‘tgan kunlar, otgan tonglar fayzli va huzurbaxshliligi bilan bir umrga ishtirokchilarning yodida qoldi.
Saidjon OCHILOV,
Zilolabonu XOLIQOVA