AVTOMOBIL XAVFSIZ BO'LISHI UCHUN

Afsuski, ko‘pchilik haydovchilar gaz balloni qancha bosim ostida bo‘lishi kerakligini bilmaydi yoki bilsada bunga e’tibor qilmaydi. Gaz ballonlarini o‘z vaqtida nazoratdan o‘tkazmaslik qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi esa hech kimga sir emas.

Xo‘sh, avtomobil gaz balloni nima uchun portlaydi? Buning oldini olish mumkinmi?..  

Quyidagi omillar transport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini belgilab beruvchi asosiy mezonlar hisoblanadi: 

Foydalanish muddati: Ishlab chiqaruvchilar tomonidan gaz ballonlarning foydalanish muddati 15 yil, deb belgilangan. Ammo uni saqlash va ekspluatatsiya qilish sharoitining og‘irligiga qarab bu muddat kamayishi mumkin. Ya’ni, gaz ballondan belgilangan me’yor va talablar asosida foydalanilmasa, albatta u muddatidan oldin yaroqsiz holatga kelib qoladi.

Davriylik sikli: Bu ko‘rsatkich gaz ballonga bir yilda necha marta gaz quyish kerakligini anglatadi. Bu ko‘rsatkich ishlab chiqaruvchilar tomonidan yiliga mingta, deb belgilangan. Ammo, amaliyotda ayrim haydovchilar gaz ballonga yiliga ikki ming marotabadan ham ko‘proq gaz quyishadi. Bu ham gaz ballonning “umrini qisqartiradi”.

Bosim: Gaz ballondagi bosim 20 megapaskaldan oshib ketmasligi kerak. Afsuski, ko‘pchilik haydovchilar uzoqroq yo‘l bosish maqsadida ko‘proq bosim ostida gaz quyishga harakat qilishadi. Buning oqibati esa ayanchli bo‘lishi mumkin.

Texnik ko‘rik: Gaz ballonlari har yili kamida bir marotaba yuqori bosim ostida sinovdan o‘tkazilishi kerak. Bu gaz ballon devorlarining mustahkamligini, tashqi va ichki deformatsiyaga uchramaganligini aniqlash va yana bir yil foydalanish uchun ishonch hosil qilish imkonini beradi. Shuningdek, ballondagi gaz cho‘kmalari va boshqa chiqindilar tozalanib, yuviladi. Afsuski, ko‘pchilik haydovchilar gaz ballonini sinovdan o‘tkazishdan qochishadi. Buning uchun noqonuniy yo‘llardan ham tap tortishmaydi. Oqibatda gaz ballonlar yillar davomida sinovdan o‘tkazilmasdan qolib ketaveradi. Ballon mahkamlangan konstruksiyalardagi himoya rezinalari shikastlanadi, temir konstruksiyalar va tashqi muhit ta’sirida ballonda deformatsiya boshlanadi, gaz cho‘kmalari ta’sirida ichki yemirilish kuchayadi va oxir-oqibat gaz ballon portlaydi. 

Sifat: 2018-yil fevral oyidan buyon respublikamizda SPG-2 turdagi (kapron) gaz balloni foydalanishdan chiqarilgan. Bunga mazkur gaz ballonlarning mustahkamligi yetarli darajada emasligi va foydalanish muddatining kamligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Ammo, hozir ham “kapron” kompozit qoplamali gaz ballonlaridan foydalanish holatlari tez-tez uchrab turadi. Eng xatarlisi, ayrim holatlarda ballon yuzasidagi kompozit qoplamani olib tashlab, xuddi po‘lat ballondek ko‘rsatish holatlari aniqlanmoqda. Bu esa juda xatarlidir.

To‘g‘ri o‘rnatish: Gaz ballonlar faqat tegishli litsenziyaga ega mutaxassislar tomonidangina o‘rnatilishi lozim. Shuningdek, gaz uskunalarining standart xavfsizlik klapanlari bo‘lishi kerak. Arzon va qo‘lbola xavfsizlik klapanlari tezda ishdan chiqadi va zarur hollarda ishlamay qoladi. Oqibati esa hammaga ma’lum.

Hech bir avtomobil favqulodda vaziyatlardan to‘liq muhofaza etilmagan. Ammo, xavfsizlik talablariga rioya etish orqali bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish mumkin. Shu sababli, transport vositalarini doimo soz holatda boshqarish, harakat davomida xushyorlikni yo‘qotmaslik hamda gaz ballonlarini o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazish lozim.

B.Hojimurodov,

shahar FVB boshlig‘i 

o‘rinbosari, kapitan


Авторизация