Bizning kinolarimiz o‘zining milliyligi, ayniqsa iffat-u iboda tengsiz aktyor-aktrisalari bilan boshqa davlatlardan farq qilmasmidi? Mayli, ba`zi seriallardan "nimadir" olish mumkindir, lekin maqola yozishimga sababchi bo‘lgan serialim bizga nima berishini o‘ylab o‘yimga yetolmayapman...
"Sevimli" telekanalini boshqa kanallarga nisbatan oilaviy ko‘proq ko‘ramiz. Ko‘rsatuvlari har holda boshqa kanallarga qaraganda sal tuzuk. Yo menga shunday ko‘rinarmikin, bilmadim-u, ammo bir serial sabab undan ham ixlosim qaytdi!
Televizorni ko‘p ko‘ravermay-man. Àsosan kechki payt uy bekalariga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarni ko‘rib boraman. Xabarlar befarq qoldirmaydi. "Otalar so‘zi"ga o‘xshash telenovellalarini aytmaganda, tungi dasturlarga e`tibor ham bermayman.
Bir kuni to‘rt yoshli qizim oqshom uxlashga yotmay, "Singlim"ni ko‘raman, deb dadasiga xarxasha qilib, yig‘ladi. Dadasiyam ovuna qolsin dedimi, serial bo‘layotgan kanal "Sevimli"ga pultni bosdi. Ikalasi serialni tomosha qila boshlashdi. Ora-orada "bu opasi, bu singlisi" deb, qizim dadasiga gap qo‘shib qo‘yadi.
Keyinroq e`tibor bersam har kuni shu soatda qizim dadasi bilan "Singlim"ni ko‘ramiz deb, televizor qarshisidan joy oladigan bo‘lishdi. Ijod, ish bilan mashg‘ul bo‘lib, uncha e`tibor qilmasdim. Ora-sira serial qahramonlarining gapi qulog‘imga chalinib qolsa, ko‘z yugurtirib qo‘yardim. Tushunganim, ikki xotinli erkakning ayollar orasida talosh bo‘layotgani edi. Shu bilan birga serialning nomi nimaga "Singlim" deb qo‘yilganini o‘ylardim.
Hammasi serialning keyingi bir qismi namoyishi paytida yetti yoshli qizimning aytgan gapidan keyin ma`lum bo‘ldi. U haligi kundoshlarni ko‘rsatib, "Ikkalasi opa-singil!" desa bo‘ladimi?
Hayratdan avval dong qotdim. Keyin o‘zimda serial ijodkorlariga nisbatan ham g‘azabni, ham ulardan irganishni his qildim.
Hatto anonslarda ham shu serialni bir necha bora "maqtab" ko‘rsatishar ekan. Nimasi ko‘rishga arziguli, deb qariyb bir oydan beri o‘zimga kelolmayapman. Oxiri ichimdagilarni qog‘ozga yozmasam tinchimasligimni tushundim!
Bilsam, bolalarim uyda ammalariga qo‘shilib ancha vaqtdan beri shu serialni ko‘rib kelarkan.Tarbiyada kechikkanim bir kuydirsa, opa-singilning bir erga tegib olib, bir-biriga ko‘rsatayotgan nayranglari, millat fojeasi, o‘zlikning o‘zagi qirqilayotgani ming bora kuydirayapti. Biz qachon bunchalik tubanlashdik!? Opa va singilning bir erga tegib olib yashashi hayotning qaysi mezonlariga to‘g‘ri keladi!? Umuman insoniylikka to‘g‘ri keladimi?
Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. uylanish sunnat qilinganlar orasida opa-singilni qo‘shib xotin qilishni, uylangan xotinining birga kelgan qiziga uylanishni Àlloh harom qilgani haqida aytib o‘tganlar!
Shunisi ayanchliki, serialdagi er-xotin sahnalari manaman degan Meksika seriallarini ham ortda qoldiradi. Televizorga qaragan bir ko‘zim zaharxanda kulayotgan bo‘lsa, qizlarimga termulib turgan ikkinchi ko‘zim qon yig‘layapti.
Sàvriya TOHIROVÀ