TARAQQIYOT YO'LIDA

2024-yil 19-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga qilgan murojaati mamlakat taraqqiyotining yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi. Murojaatda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar har bir hudud, jumladan, Jizzax viloyati uchun ham muhim vazifalarni belgilaydi. Ushbu vazifalar viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Jizzax viloyati qishloq xo‘jaligi sohasida katta salohiyatga ega. Prezident murojaatida agrar sohani modernizatsiya qilish, sug‘orish tizimini yaxshilash va resurslarni samarali boshqarishni ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Viloyatda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, agrar mahsulotlarni qayta ishlash klasterlarini tashkil etish hamda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadga muvofiqdir. 

Davlatimiz rahbari ta`kidlaga-nidek, tadbirkorlikka oid tashabbuslar Jizzaxda kichik va o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Viloyatda sanoat zonalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va xotin-qizlar hamda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash zarur. Buning uchun qo‘shimcha imtiyozlar va kredit dasturlari joriy etilishi, Jizzax iqtisodiy zonasi faoliyatini kuchaytirish, ishsizlik darajasini kamaytirish maqsadida kasb-hunar o‘quv markazlarini tashkil etish lozim.

Murojaatda ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalariga alohida e'tibor qaratildi. Demak, viloyatda zamonaviy maktablar va kasb-hunar kollejlarini ochish, bolalar uchun innovatsion ta'lim loyihalarini amalga oshirish, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, qishloq shifokorlik punktlarini qayta jihozlash, kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy yordamni kuchaytirish talab etiladi.

Prezident iqlim o‘zgarishi va ekologik barqarorlik masalalarini hal etish zarurligini yana bir karra ta`kidladi. Bu viloyat uchun ham dolzarb, chunki viloyat tog‘li va suvsiz hududlarga ega. Buning uchun esa alternativ energiya manbalarini (quyosh va shamol energiyasi) keng joriy etish, ekologiyani himoya qilish va yerlarni melioratsiya qilish dasturlarini amalga oshirish muhim.

Jizzax viloyati mamlakatning markaziy qismlaridan biri bo‘lib, bu yerda transport va infratuzilma sohasida yuqori darajadagi rivojlanish talab etiladi. Ilgari surilgan reja asosida yangi yo‘llar qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, qishloqlarda transport qatnovini yaxshilash va turizmni rivojlantirish uchun infratuzilmani kengaytirish lozim.

Mazkur vazifalarni amaliyotga tatbiq etish viloyatda aholining turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga katta turtki beradi.

 

O‘rol O‘RAZBOYEV,

xalq deputatlari viloyat

Kengashi deputati, 

viloyat Arxiv ishi hududiy 

boshqarmasi boshlig‘i

 


Авторизация