BORDO SUYUQLIGI NIMA?

Bordo suyuqligini xo'jaliklarda ishlatishdan oldin tayyorlanadi. Tayyorlangan bordo suyuqligi suspenziya holida havo rangda bo'ladi. Uning muhiti neytral yoki kuchsiz ishqoriydir. Bordo suyuqligi 1-3 foizli qilib tayyorlanadi. 

100 litr 1 foizli bordo suyuqligini tayyorlash uchun odatda 1 kg mis kuporosi va 1 kg so'ndirilmagan ohak olinadi, mis kuporosi alohida yog'och, shisha yoki plastmassa idishda 50 litr suvda eritib olinadi. 1 kg so'nmagan ohakni ikkinchi bir shunday idishda ozgina suvda so'ndiriladi, so'ng uning hajmini ham suv bilan 50 litrga yetka-ziladi. Mis kuporosi eritmasini asta-sekin aralashtirib turib, "ohak suti"ga qo'shiladi ("ohak suti" mis kuporosiga qo'shilganda ham shunday moddalar hosil bo'ladi). Hosil bo'lgan suspenziya o'ta beqaror bo'lib, tezda ikki qatlamga ajralib, quyqasi cho'kmaga tushib qoladi, bunday bordo suyuqligi qo'llashga yaroqsiz hisoblanadi. To'g'ri tayyorlangan bordo suyuqligi qo'lga xuddi sovunli suv kabi ilashadi, zarrachalarining hajmi 3-4 mikronga to'g'ri keladi. Bordo suyuqligini uzoq muddat saqlab bo'lmaydi, chunki kolloid zarrachalari birlashib, kattalashib, tezda cho'kma hosil bo'ladi. 

Mis kuporosi eritmasi va ohak sutini bir-biriga issiq holda qo'shish ham mumkin emas. Bordo suyuqligini fosfororganik pestitsidlarga qo'shish mumkin emas.

Tayyor bordo suyuqligini reaksiya muhiti lakmus qog'ozi yordamida tekshirib ko'riladi. To'g'ri tayyorlangan bordo suyuqligiga tushirilgan ko'k lakmus qog'ozi qizarib ketsa, tayyor bordo suyuqligiga oz-ozdan so'ndirilmagan ohak qo'shiladi, toki reaksiya muhiti neytral holga kelgunga qadar. Lakmus qog'ozi bo'lmagan taqdirda pichoq uchi yoki mix botiriladi, pichoq uchiga yoki mixga qizil dog' - mis zarrachalari yopishib qolsa, ohak qo'shish zarurligini ko'rsatadi.

3 foizli bordo suyuqligini tayyorlash uchun mis kuporosi va so'ndiril-magan ohak miqdori 3 marotaba oshiriladi. 

Bordo suyuqligi bog'larda kalmaraz, monilioz, dog'lanish, klyasteriosporioz, barg buralishi, kokkomikoz, filostiktoz va antraknoz kasalliklariga qarshi daraxtlar kurtak yozgunga qadar 3 foizli, o'suv davrida esa 1 foizli holda tayyorlab sepiladi.

Shuningdek, bordo suyuqligini barcha ekinlarda kasalliklarga qarshi ishlatsa bo'ladi.


A.ISMOILOV,

O.XO‘ROZOV,

O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Arnasoy tumani bo‘limining 

fito sanitar nazorati 

davlat inspektorlari


Авторизация