YANGI BOZORLAR UCHUN IMKONIYAT

Men bir paytlari viloyatimizdagi “Jizzax-Kentex” korxonasida ishlar edim. Bir kuni o‘ylab qoldim: “Odamlar qanday qilib tadbirkor bo‘ladi? Men ham faqat oylik maoshga qarab o‘tirmay, nimadir ishlab chiqasam bo‘lmasmikan? ”... 

Hammasi shundan boshlandi. 2015-yilga kelib, o‘zim yashaydigan Sharof Rashidov tumanida “Jizzax Bek-Star”  mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos soldim. Boshlanishida faoliyatimizni 56 nafar ishchi xodim bilan boshlaganman. Bugunga kelib 200 nafardan ziyod yangi ish o‘rni yaratdik. Dastlab o‘zim ishlagan “Jizzax-Kentex” korxonasi bilan shartnoma qilganman. Shu korxona iplaridan olib, tayyor paypoq mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimiz hozircha yurtimiz ichki bozorlariga yetkazib berilmoqda. Quvonarlisi, ishchi-xodimlarimizning ham, o‘zimizning ham daromadlarimiz yildan yilga oshib bormoqda. Korxonamiz o‘tgan yilni 3 milliard 126 million so‘m sof daromad bilan yakunladi. Bu yil rejalar yanada ulug‘. Maqsadni ham, niyatni ham katta qilib bormoqdamiz.

Kecha hayotimda unutilmas kun bo‘lib qoldi. To‘g‘rirog‘i, shu yilning 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga ko‘ra jonajon mamlakatimizda ishlab chiqarish, tadbirkorlik rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirayotgan mehnatlarimiz hamda ijtimoiy hayotdagi oz bo‘lsada faolligimiz, qolaversa, kamtarona mehnatlarimiz e’tirof etilib, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.

Bu ishonch, e’tibor meni va men kabi yana ko‘plab tadbirkorlarni yangi-yangi marralar sari undagani bor gap. Endi mahsulotlarimizni jahon bozoriga olib chiqish ustida bosh qotira boshladik. Nasib qilsa, mana bugun rossiyalik ishbilarmonlar bilan gaplashib turibmiz. Yaqin kunlarda Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etib, yangi-yangi manfaatli shartnomalar imzolash ustida kelishuv ishlarini olib boryapmiz. 

O‘ylaymanki, yurtimizda kichik va o‘rta biznes rivojiga, qolaversa, biz kabi tadbirkorlarga qaratilgan va yaratilgan bunday sharoitlar yangi bozorlarga sifatli, raqobatbardosh mahsulotlar bilan kirish imkonini beradi.

Marhabo Yakubova,

Sharof Rashidov tumanidagi 

“Jizzax Bek-Star”  

MCHJ rahbari


Авторизация