XOTIN-QIZLAR VA BOLALAR HUQUQLARI QONUN HIMOYASIDA

Mamlakatimizda ayollar va bolalarning huquqlarini mustahkamlash va zo‘ravonlikdan himoya qilishda muhim qadamlar qo‘yildi. Jumladan "Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilindi.

Ushbu qonun xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga, oilalarda axloqiy muhitni yaxshilashga, mamlakatning bolalar va xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro indekslardagi mavqeini yaxshilashga xizmat qiladi. Shuningdek, bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya faoliyatining mustahkam huquqiy asosini yaratadi. 

Qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlardan biri zo‘ravonlik tushunchasining kengayishi edi. Endi qonun nafaqat jismoniy zo‘ravonlikni, balki psixologik, iqtisodiy va jinsiy zo‘ravonlikni ham o‘z ichiga oladi. Bu ayollar va bolalar huquqlari buzilishining turli shakllariga qarshi kurashish uchun kengroq vositalarni taqdim etadi.

Hujjatda ayollar va bolalarga nisbatan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qattiqroq jazo choralari ko‘zda tutilgan. Bunday o‘zgarishlar zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga va samarali javobgarlik mexanizmlarini yaratishga qaratilgan.

Yangi Qonunchilik zo‘ravonlik qurbonlariga yordam beradigan maxsus markazlar va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini yaratishni o‘z ichiga oladi. Bunday tashkilotlar maxfiylikni ta`minlaydi, psixologik yordam va zo‘ravonlikka duch kelganlar uchun huquqiy yordam beradi.

Ushbu qonunchilik tuzatishlarining joriy etilishi nafaqat jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilish darajasini oshiradi, balki jamiyatning barcha a`zolari uchun barqaror va xavfsiz kelajak uchun zamin yaratadi.

Alisher Po‘latov, 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudining sudyasi


Авторизация