YANGI MASKAN ISH BOSHLAD

Bugun mamlakatimizda zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022- yil 18-mart kuni sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusi bosh maqsadga chiqarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan, yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilganligi ham ayni muddao bo‘ldi. Shu sabab yurtimizda xususiy tibbiyot maskanlari soni tobora ortib bormoqda. Jizzax shahrida yangidan ish boshlagan “Аsl Nur” klinikasi ham shular jumlasidan.

Tibbiyot maskanining ochilish marosimida so‘z olganlar mazkur klinika kelajakda kasalliklarni erta aniqlash hamda davolash amaliyotlarini bajarish, soha xodimlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish markaziga aylanishini niyat qilishdi.

Darvoqe, ushbu maskanda ichki kasalliklar, kardiolog, ginekolog, nevropatolog, travmatolog, ortoped kabi tajribali mutaxassislar faoliyat ko‘rsatishadi. Qolaversa, suyak-bo‘g‘in va umurtqa pog‘onasi kasalliklarini zamonaviy uslublarni qo‘llagan holda davolash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Аyniqsa, hozirgi kunda aholi o‘rtasida ko‘p uchraydigan suyak yemirilishi kasalligi bo‘yicha viloyatda yagona mutaxassislar ham shu klinikaga jalb qilingan.

60 o‘ringa mo‘ljallangan tibbiyot maskani qo‘shimcha ravishda eng zamonaviy fizioterapeya uskunalari bilan ta`minlangan. Shuningdek, fito bochka, mineralli vanna, massaj, xijoma, zuluk bilan davolash ham yo‘lga qo‘yilgan.

- Kelajakda davr talabidan kelib chiqib yangi zamonaviy texnologiyalar asosida kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash bo‘yicha yangiliklarni olib kirish, yangi diagnostik asbob-uskunalarni keltirish bosh maqsadimiz, - deydi bosh shifokor Ulug‘bek Orifjonov.

Klinika ishga tushishi munosabati bilan 5 nafar oliy toifali shifokor, 10 nafardan ortiq hamshiralar va yana shuncha kichik tibbiy xodimlar ish bilan ta`minlandi.

Eng asosiysi, ushbu tashkil etilgan yangi klinika ham viloyatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, sohada olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz.


Авторизация