DOIM SOG‘INCH ULASHGAN SHOIR

Qishloqda tug‘ilib o‘sib qadrdon zaminga sodiq qolgan, yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida nazm dunyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga ulgurgan Sangzor vohasining zabardast shoiri Turob Yusuf she`riyat ahliga sog‘inch hislarini ulashib yashadi. 

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida avallud topgan Turob Qorjovov Jizzax cho‘lida birinchilardan bo‘lib ochilgan Paxtakor tumanida kamolga yetdi. “Samarqand” davlat xo‘jaligi (bugungi “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘ini)dagi maktabda tahsil oldi. 1975-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika imstitutini tamomlagach, qishloqdagi 6-maktab o‘qituvchilari safiga qo‘shildi. 

Tashabbuslar muallimga xos izlanuvchanlik e`tiborsiz qolmadi. Yosh mutaxassis tumanning “Paxtakor” (hozirgi “Paxtakor hayoti”) gazetasiga ishga taklif etildi. Jurnalistika sohasidagi faoliyatida o‘z fikriga sodiq qoldi. Odamlar bilan ishlash borasida tajriba to‘pladi. Shu bois Paxtakor tumani ichki ishlar bo‘limi xodimiga aylandi. Balog‘atga yetmaganlar bilan ishlash inspeksiyasi noziri, navbatchilik qismining mas`ul xodimi Turob Qorjovov qariyb yigirma yil el-yurt osoyishtaligini saqlash ishiga kamarbastalik qildi.

Qaysi lavozimda mehnat qilmasin, xokisorligicha qoldi. Quvonchlarini bir-biridan go‘zal she`rlarda namoyon etdi. “G‘aroyib orzu”, “To‘qnashuv”, “Uyqudagi bahodir”, “Chaqmoqqa aylangan balo”, “Yuksakdagi sehrli dunyo”, “Munosabat”, “Muhabbatning ma`yus qo‘shiqlari”, “Sichqoncha sarguzashtlari” she`riy to‘plamlarini nazm ahliga tuhfa qildi.

Ustoz maqomiga yetgan shoir shogirdlar tayyorlash borasida maktab barpo etdi. Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzod yoshlarni topish va tarbiyalash jarayonida barchaga namuna bo‘ldi. “Jizzax haqiqati” va “Jizzax ovozi” gazetalarida, radio va televideneyeda targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘ydi.

O‘zbekiston xalqaro adabiyot, san`at, madaniyat va ijtimoiy fanlar akademiyasi akademigi, Butunjahon xalq ijodkorlar uyushmasi respublika bo‘limi rahbari Abdulla Vaxsh, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Mehribon Abdurahmonova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Abduxalil Sattorov, “Paxtakor hayoti” gazetasi bosh muharriri Maxfirat To‘xtasheva, “Jizzax ovozi” gazetasi mas`ul kotibi Rahmatulla Yunusov, yosh shoira Vazira G‘ofurova Turob Yusuf ijodining o‘ziga xos qirralari haqidagi fikr-mulohazalar bildirishdi. Ta`kidlanganidek, yoniq satrlar mangu yashaydi.

Turob Yusufning iqtidorli shogirdlari o‘qigan she`rlar barchaning ko‘ngliga bahoriy kayfiyat olib kirdi, hayotga muhabbatni jo‘shtirdi.

Azamat SHERALIYEV,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti

Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi


Авторизация