Davlatimiz rahbarining "Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq, har yili "Rahbar ayollar maktabi" o‘quv kurslarida 100 nafar xotin-qizlarni o‘qitish va ular orasidan eng salohiyatli kadrlarni ilg‘or xorijiy davlatlarda stajirovka o‘tashini tashkil etish vazifasi belgilangan.
Shu maqsadda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning "Samarali davlat boshqaruvi" loyihasi, Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi va Fransiyaning Davlat xizmati milliy instituti (Institut National du Service Public, INSP) bilan hamkorlikda "Lider ayollar" stajirovka dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dasturda ishtirok etish uchun "Rahbar ayollar maktabi"da tahsil olgan va samarali faoliyati uchun Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar tavsiya etildi. Ular qatorida shahrimizdagi 27-umumta`lim maktabi direktori Sevara Qarshiboyeva ham bor.
Dastur davomida liderlik mohiyati va keng tarqalgan gender stereotiplari, "liderlik rejimi"ga o‘tish uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish, davlat innovatsion loyihalarida ayol rahbarlarning o‘rni kabi mavzularda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Shuningdek, dastur ishtirokchilari rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilish uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirish yuzasidan o‘z strategiyasini ishlab chiqishi, o‘rganilgan tajriba asosida ayol davlat xizmatchilariga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi ishlab chiqishi belgilangan.
(O‘z muxbirimiz)