JIZZAX VILOYATIDA “INSON” IJTIMOIY XIZMATLAR MARKAZLARI FAOLIYATI O'RGANILDI

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Olloyorov Mansurbek Polvonzoda boshchiligidagi ishchi guruh joriy yilning 12-13 mart kunlari Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

   Ishchi guruh tashrif davomida “Nurli maskan” ko‘zi ojizlar maktab internati, Jizzax viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, “KOJ EZGU NIYAT” o‘quv ishlab chiqarish mas’uliyati cheklangan jamiyat korxonasi hamda Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish respublika markazi Jizzax viloyat hududiy boʻlimiga tashrif buyurdi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar guruhlari koʻrsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning yangi tizimida davlat tashkilotlari bilan hamkorlik mexanizmi koʻrib chiqildi.

   Agentlik rahbariyati Arnasoy tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ajratilgan bino holatini o‘rgandi. Markazning moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanishi aytib o‘tildi. Fuqarolarning murojaati yuzasidan M.Olloyorov tumandagi ikkita xonadonga borib, muammolarni o‘rgandi, ularning yechimi yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berildi.

   Jizzax shahar hokimligi binosida uy joy olish uchun navbatda turgan 10 nafar ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar bilan uchrashuv tashkil etilib, ularning kelajakdagi rejalari bilan tanishildi. 

   Tashrif yakunida hokimlikning majlislar zalida “Inson” markazlari rahbarlari, bosh ijtimoiy xodim, supervayzerlar va shu bilan birga hamkor tashkilot mas’ul xodimlari bilan sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.


Авторизация