GULChILIK ORTIDАN BАXT TOPGАN АYOL

“Oʼzbekiston Respublikasining “Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan tadbirkor” faxriy unvonini taʼsis etish toʼgʼrisida”gi qonun qabul qilindi. Unga koʼra, “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan tadbirkor” faxriy unvoni taʼsis etildi.

Faxriy unvon biznesning yangi, yuqori daromadli yoʼnalishlarini yoʼlga qoʼygan, sohaga innovatsiyalarni keng joriy qilish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, eksport salohiyatini oshirish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb qilish, yangi ish oʼrinlarini yaratish orqali mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qoʼshib kelayotgan, shuningdek, oʼz faoliyati davomida davlat organlari bilan oʼzaro hamkorlikni amalga oshirib, ijtimoiy loyihalardagi faolligi bilan boshqalarga namuna boʼlayotgan, biznes yuritishda katta tajribaga ega, ilgʼor va tashabbuskor tadbirkorlik subʼektlari rahbarlari va taʼsischilariga beriladi.

Quvonarlisi, jizzaxlik tadbirkor, “Gulchi opa tomorqa xizmati” klasteri asoschisi Sharofat Norieva ushbu unvonning ilk sohibasiga aylandi. 

Аsli kasbi tibbiyot hamshirasi boʼlgan ayol gul yetishtirish orqali muvafaqqiyatga erishdi. Mirishkor dehqon oilasi farzandi gullarga mehr qoʼyib ulgʼaydi. Turmush qiyinchiliklari tufayli hovlisida yetishtirgan gullarni bozorga chiqarib sotish bilan shugʼullangani sayin u bu ishni asosiy faoliyatiga aylantirishga kirishdi. Bu sohada oʼz bilimini oshirdi, boshqalarning tajribalarini oʼrganishdan erinmadi. 

– Tadbirkorlik tufayli, farovon, baxtli hayot kechirayotirmiz, – deydi Sharofat Norieva. – Turmush oʼrtogʼimning qoʼllab-quvvatlashi, otamning dehqonchilikka oid maslahatlari, farzandlarimning koʼmagi bilan erishdik. Barcha ishlarimda ular tayanch, suyanch boʼlib kelmoqda. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarning qoʼllab-quvvatlanishi esa soha xodimlari uchun yangi imkoniyatlar ochib berayotir.

Suhbatdoshimiz xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlashda ham faollik koʼrsatayotgan jonkuyar insonlardan. Mahalla ayollarini tadbirkorlikka oʼrgatib, ularga kredit olishda koʼmaklashmoqda. Uning koʼmagida bank imtiyozli kreditini olgan ishsiz xotin-qizlardan besh nafari mahalladagi talabdan kelib chiqib, non va qandolat mahsulotlari sexini ham ochdi. Shuningdek, u tumandagi “Temir daftar”da turuvchi 54 ta xonadonga issiqxona qurib, undan daromad olish usullarini oʼrgatdi. Natijada bu xonadonlardagi 54 nafar xotin-qiz bandligi taʼminlandi. Mazkur saʼy-harakatlari samarasi oʼlaroq, Sharofat Norieva “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan bilan taqdirlandi. OzLiDeP tomonidan anʼanaviy tarzda oʼtkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” koʼrik tanlovining respublika bosqichida ikkinchi oʼrinni egalladi.

Sharofat opa koʼp farzandli oilada voyaga yetgan. Shu bois bolalik onlarini qumsab, 2022 yilda Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan toʼqqiz nafar bolani farzand qilib oldi. Sharofat opa ularni oʼz farzandidek tarbiyalayotganiga shubha yoʼq. Boisi ularning taʼlim olishi, qiziqishlarini amalga oshirishi uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

Suhbat davomida Sharofat Norievaning tabiatan tadbirkor, qishloq xoʼjaligi bilimdoni ekanligiga amin boʼldik. Uning hayot yoʼlida boshidan oʼtkazgan voqealari, bugungi erishgan yutuqlari ortidagi mehnat mashaqqatlari haqida eshitib, ayol matonati va irodasiga yana bir karra tahsin aytdik. 

Gavhar SАYDULLАEVА


Авторизация