KOMANDIR VA YOSHLAR UCHRASHUVI

Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik va yon-atrofdagi voqealarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usida tarbiyalash bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 

Shu munosabat bilan o‘quvchi-yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, ularni Vatan himoyasiga daxldorlik hissi bilan tarbiyalash hamda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida joylarda keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Zomin tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli  harbiy qism komandiri, podpolkovnik B.Ruziyev boshchiligida “Komandir va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.

“Armiya – jasorat, matonat va bilim maskani” shiori ostidagi tadbirda o‘quvchi-yoshlarga Vatan himoyasi qay darajada sharafli kasb ekanligi, har bir inson o‘z vatanini ko‘z qorachig‘idek asrashi, uning yuksalishi uchun bor bilim va ko‘nikmalarini ishga solishi kerakligi haqida tushunchalar berilib, komandir tomonidan harbiy xizmatda bosib o‘tilgan yo‘l, undagi mashaqqatlar, sinovlar va bularni yengib o‘tish ortidan erishilgan yutuqlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

-  Bugungi uchrashuv menda harbiylikka bo‘lgan qiziqishimni yana bir karraga oshirdi. O‘zimni qiziqtirgan savollarga javob oldim. Kelajakda Vatan himoyachisi bo‘lish maqsadim tomon ildam qadam tashlashga turtki berishdi – deydi maktab o‘quvchisi K.To‘rayev.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan harbiy xizmat, oliy harbiy ta’lim maskanlari va ularga kirish tartibi va boshqa shu kabi savollarga javoblar olishdi.

Shuningdek, tadbir so‘ngida “Badiiy ansambl” jamoasi tomonidan konsert dasturi tashkil etildi hamda zamonaviy qurol-aslahalar namoyish etildi.

 M. Shakirov,

katta serjant


Авторизация