YERGA MUNOSABATIMIZDA BЕPARVO BO‘LMAYLIK!

Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya etish, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash eng ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Sababi yer umummilliy boyligimiz bo‘lib, inson yashashi, farovon turmush kechirishi uchun undan unumli foydalanmog‘i lozim. Zero, ona yerimizni asrab-avaylash har bir fuqaroning muqaddas burchidir.

Ma’lumki, tadbirkorlik, shaharsozlik uchun yer maydonlarini olish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqidagi 71-sonli qarori asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Bu «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimida auksion savdosi orqali amalga oshiriladi.

Biroq, Forish tumani hududida ayrim fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan yer maydonlarini egallab olib, noqonuniy qurilishlar qurib olganlik holatlari uchrab turibdi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, fuqarolar tomonidan yer maydonlarini o‘zboshimcha egallab olish, noqonuniy qurilishlar qurish O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining tegishli moddalari talablari buzilganligidan dalolat beradi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 60-moddasi 2, 3-qismi, 68-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganligi bilan ham malakalanadi. Bu degani mazkur huquqbuzarliklar uchun fuqarolarga nisbatan bir yuz ellik baravarigacha jarima qo‘yilishiga sabab bo‘ladi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qaror va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi tegishli moddalardan kelib chiqib tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari o‘z mahallasida yashovchi aholiga yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olmaslik, ushbu yer maydonlarida noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirmaslik to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yo‘lga qo‘yishi va aholiga tushunchalar berib borishi lozim. 

Bir so‘z bilan aytganda, yerga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgarmas ekan, kelajak avlodimizga bizdan munosib meros qolishi xavf ostida qolaveradi.

 

Jamshid ESHMURADOV,

Kadastr agentligi

Forish tuman bo‘limi boshlig‘i


Авторизация