INSHO YOXUD SUV YO'G'IDA TAYAMMUM

"Sharmandaga shahar keng" - bu naqlni o'z ma`nosida tushunaqoling, birodar, hamma yuradigan katta ko'chadagi bir do'konning peshtoqiga "VETERINAPIYA" deb yozilgan. Savodi birnavi zakiylar tomonidan hech tutilmay o'qib ketiladigan bu so'zni biror savodli omi tushunmasa, unga tavsiyamiz shu: "Bu yerda nima sotilishini bilmoqchi bo'lsang, marhamat, butingda Xalloqi olam bergan oyoq bor, ichkarisiga kirib ko'rgin". Yozuv muallifining kim ekanligini anglashingiz uchun Sherlok Xolms bo'lishingiz shart emas, o'sha paytava salla "xattot" o'g'limiz maktab partasida o'tirgan chog'larida uch muallimdan obdan turtki yegan va savodini chiqargan. Uch muallimga bitta ko'rgazmali qurol - olaylik, "E" harfi. Ona tili muallimi sinfga kirib bo'lg'usi "xattot"ga bu harfni "E", rus tili muallimi, "YE", ingliz tili muallimi esa "I" deb aytgin deb yozg'irishgan, kallasiga nuqishgan. Boshqa harflarda shu tarzda o'rgatilgan. Bor gap shu. Bundan tashqari keng va tor aytiluvchi "O'"lar, "E", "E", "H", "Q", "G'" singari tovushlarimizni o'z ichiga olgan o'z - o'zbek alifbomiz yaratilmas ekan, zikrxona u yerda, halimxona bu yerda bo'lib qolaveradi, tashvishlanishga o'rin yo'q. 

Diktantda ikki baho qo'yib huzurlanishi uchun muallimga matndan ko'pi bilan sakkizta imloviy xato topishi kifoya. Bu borada zamonaviy tilchining oshig'i olchi, u mazkur yozma ishni vaqt ketkazib, ko'zi o'yilib, matn oxirigacha tekshirib o'tirishi shart emas, chunki zamonaviy o'quvchi ustoziga rahm qilib, mashaqqatini yengillatib, bu me`yorni sana, sarlavha hamda dastlabki ikki qatorda do'ndirib tashlaydi.

Qog'oz qoralashga to'g'ri kelib qolgan chog'larda bobo kirill alifbosida, o'g'il kirill va lotin harflarini aralashtirib yozadilar, boshlang'ichdagi nabira hozircha islohlashtirilgan duvarak lotin alifbosiga jalb qilingan, bir-birining xatini tushunishmaydi, yetti pusht ota-bobolaridan qolgan yozma manbalar esa arab alifbosi-da, ayni muddao, savodsizlik sari sarqadamlarimiz diqqatga sazovor. 

Ey o'quvchi, hozirgi paytda inshodan besh baho olish tirsakni tishlaganday gap. Àslo qayg'urma, anavi har inshoga qoniqarsiz baho qo'yadigan muallimning seni sinfda qoldirishga joni nechta. Hech ikkilanmay husni-xatidagi dumbul harflarini hakkaday yo'rg'alatadigan boshqa fan o'qituvchilarining etagidan tut, bo'sh vaqtlaringni axborotnomalardagi raqam-larni yod olishga sarfla. Maktabdan so'ng institutga kirgani borsang insho yozmaysan-ku, test ishlaysan, repetitor o'rgatganday dumaloqni bo'yab chiqsang bas, olam guliston, talabasan, diplom seniki. 

Àlamkash bosh muharrir, gazetaga ishga yuborilgan yosh jurnalist yozgan arizasida ellikta xato qilsa uni quvib solishga shoshilmang, afzalini qaydan topasiz, ichingizni keng qiling, bu "mutaxassis"ning jalanglab turgan ko'zlariga boqing, bir balosi bor, kompyuterni o'ynatvoradi, internet bobida mirza yigit, ko'chirma-kashlikda ustasifarang bo'lishi mumkin, gazetangizda ishlarni yurishtirib yuborsa ne ajab. Yillar osha muarrix, mudarris, muhandis, munaq-qid, muassislar yetishib chiqaverar, ammo muharrir bilan musahhihlar yaqin orada anqoga shafe, ularni topish qora po'stakdan burga qidirgan bilan teng bo'lib qolmasligiga kafolat kamligini savodxonlik libosini egniga yelvagay tashla-gan ko'plab ommaviy nashrlar, adabiyot va darsliklar ko'rsatib turmayaptimi? 

Zamonaviy odamning miyasi kallasida emas, qo'lida. "Matahi"da karra-karrani adashmay ishlaydi, xat yozish-ga hojat yo'q, istagan kishing bilan xohlaganingcha valaqlashaver. Elektr quvvati o'chmasa «qo'lmiyamiz» ham ishlab turadi. 

Televizordagi savodxonlikka bag'ishlangan tok-shoularga e`tibor berma, uni bir-ikkita tilchi muallim bilan adabiyotchidan bo'lak bir kas ko'rmaydi, bu so'x-tasi sovuqlardan hayiqma, birovining do'ppisini birovi-ga kiygizib, kamiga... chillaga o'tqazib ketamiz, tashvishlanma, birodar.

Ey oshiq, havasim senga, qo'linga qog'oz tutib suyganinga ne deb xat yozishni bilmay o'ylanib o'tir-maysan, keyin intizorlik va hayajon girdobida haftalab javob kutish azobidan forig'-san, qo'lingdagi "daha-ningda" u bilan xohlagan payting xohlagan yeringda (xoh ishda, xoh dushda, xoh eshakda, xoh to'shakda) xohlaganingcha pichirlashish, ezmalanish, bahslashish, po'pisalashish... imkoniyatiga egasan, unga sevgi she`ri kerak bo'lsa internetdan o'zi topib olaversin. O'rtanglarda na bir sir qoladi, na biror yupqa qavat hamiyat pardasi, istaganingcha urishasan-yarashasan, "ajrashasan-topishasan". Buvang bilan buving birga-likdagi oltmish yillik turmushlarida oralaridan nimaiki gap-so'z, nizo o'tgan bo'lsa, sen shularni juda oz fursatda - uylanguninga qadar istifoda etasan, qanday ulkan zafar, suv yo'g'ida tayammum.

Ey telefonu kompyuterga mazaxo'rak avlodimiz, azbaroyi shifo, insho yozish degan joydan etagingizni kesib qoching. Yo'qsa bu balo sizni ziyolilarcha fikrlash dardiga mubtalo qiladi, tilingizni ravonlashtirib, quvvai nutqingizni qayrab, bisotingizdagi me`yoridan ziyod "jargon" va ajnabiy so'zlaringizdan tashqari o'zbek adabiy tilidagi lug'atlardan zo'raki o'zlashtirilgan 150 tadan ko'p bo'lmagan so'z boyligingizni keskin urchi-tadi. So'zga e`tibor, mehr, hurmat munosabat-larini shakllantirib, ijodkorlik chohiga qulatadi, qon bosimi monand savodxonligingizni oshirib yuboradi, qo'lin-gizdagi "elim miyangiz"dan biroz bezdirib qo'yib, mag'ribu mashriq o'rtasida zarbulmasal qilsa, keyin dodingizni kimga aytasiz? 

Birodar, tongni tong ottirib, kunni kun bottirib yuribmiz-da, shu kunlarda odamlarimizning kitobxon-likka ruju qo'yishidan xavotirlanma, gapning buromadi, insho yozolmaydigan odam badiiy asarni teranroq tu-shunishiga ko'zing yetadimi? Syujet quvishdan bosh-qasiga yaramaydigan shovvozni kitobxon desa bo'la-dimi?

Bizlar harfni harfga urishtirolmasak-da, fazlu kamol egalari, sohibi davronlarmiz, yulduzni benarvon uramiz, og'zakidan hammamizniki besh, zaminu zamonda dab-daba suramiz. Hamma yoqni chimday bosganmiz, o'zi-mizni itga qoptirmaymiz, tuyaga teptirmaymiz, bunga chidagisi kelmaganlar chakalakka qochsin. 

Oy tuynukka, arava eshikka kelgan shu kunlarda "xat bilmoq", "savodxonlik", "uslubiy, imloviy, ishorat xatolari", "husnixat", "imlo", "tinish belgilari" singari tushunchalarni ifodalovchi kalomlar tarixiy so'zlar safiga tirkalishiga oz qoldiyov, nima dedingiz?

Insho deganlari ko'zdan nari, boshimizning yorig'i bo'rk ostida, qani, oy qayerda qo'nish berar ekan?

Is`hoq ISMOILOV


Авторизация